Bugun Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Amerika Qo‘shma Shtatlari Kongressi a’zosi, O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha parlament kokusi ishtirokchisi Kerol Miller bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi iqtisodiy aloqani mustahkamlashga qaratilgan ikki tomonlama hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari muhokama qilindi. Amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar, turli sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Suhbat chog‘ida AQSH bilan iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish muhimligi ta’kidlandi, qator muhim sohalarda sheriklikni rivojlantirishga qiziqish bildirildi.

Kerol Miller, o‘z navbatida, mamlakatimizning yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va ikki mamlakat iqtisodiy bazasini mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, 17 mart kuni davlatimiz rahbari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Toshkent shahrida Vebster universiteti va Amerika texnologiya universiteti faoliyat ko‘rsatayotgani alohida qayd etilgan edi. Bundan tashqari, transport, bojxona, migratsiya, madaniyat va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlik amalga oshirilmoqda.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli tashabbuslarni amalga oshirish maqsadida muloqotni davom ettirish va hamkorlikni faollashtirishga tayyorligini bildirdi.
B.Xudoyberdiyev,
O‘zA muxbiri