O‘zbekiston va Afg‘oniston uchun manfaatli bo‘lgan biznes uchrashuv tashkil etildi
Afg‘onistonning Mozori-Sharif shahrida O‘zbekiston paxta navlarini yetishtirish va yangi agrotizimni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov hamda Mozori-Sharif viloyati gubernatori Muhammad Yusuf Vafo o‘rtasida ikki davlat uchun manfaatli bo‘lgan biznes uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda O‘zbekistonning Mozori-Sharif shahridagi Bosh konsuli Jafar Fattayev hamda O‘zbekistonda antidron vositalarini ishlab chiqaruvchi “Electronic Autonomous Solutions” kompaniyasi rahbariyati ham qatnashdi.
Suhbat davomida savdo-iqtisodiy hamkorlik, yuqori texnologiyali ishlanmalar va qo‘shma loyihalar bilan bir qatorda qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Xususan, Afg‘onistonda 100 gektar maydonda O‘zbekiston paxta navlarini ekish, fermerlar uchun paxta yetishtirishning yangi tizimini joriy etish hamda mazkur yo‘nalishda tajriba almashish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
B.XUDOYBERDIEV, O‘zA