Farg‘onalik tadbirkorlar Afg‘onistonda
Farg‘ona viloyatining 150 nafar rahbar va tadbirkorlari maxsus charter samolyot bilan Afg‘onistonga keldi. Maqsad ushbu mamlakatning viloyatlari va tadbirkorlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, yangi loyihalarni muhokama qilish va savdo-sotiq, ishlab chiqarishni tashkil etish yuzasidan shartnomalar imzolash edi.
Dastlab Qobul shahrida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov va Afg‘on rasmiylari ishtirokida “Farg‘ona savdo uyi”ning tantanali ravishda ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakat ishbilarmonlari qatnashdi. Savdo uyida “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” tamg‘asi ostida Farg‘onalik tadbirkorlarning keng turdagi mahsulotlari namoyish etildi. Shu yerning o‘zidayoq Afg‘onistoning o‘nlab savdo shirkatlari ularni sotib olish haqida shartnomalar imzoladi.

So‘ngra delegatsiyani Afg‘oniston bosh vaziri Mulla Muhammad Hasan Oxun qabul qildi. Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi. Shundan so‘ng asosiy tadbir O‘zbekiston – Afg‘oniston biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakatning 400 dan ziyod yetakchi tadbirkor va investorlari ishtirok etdi.

Farg‘ona viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Afg‘onistonga safari doirasida mamlakatning bir qator rasmiylari va yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashmoqda.

O‘zbekiston – Afg‘oniston biznes forumi yana bir yirik markaz Mozori Sharifda ham bo‘lishi kutilyapti.

Muhammadjon Obidov, O‘zA