O‘zbekiston U-20 terma jamoasi Osiyo kubogi final bosqichiga yo‘llanma oldi
O‘zbekiston U-20 terma jamoasi 2027-yilgi Osiyo kubogi final bosqichiga yo‘llanmani ishonchli tarzda qo‘lga kiritdi.
2027-yilning 24-martidan 10-apreliga qadar Xitoyda futbol bo‘yicha 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi Osiyo kubogi final bosqichi bo‘lib o‘tadi. Qit’a birinchiligida 16 jamoa ishtirok etadi. Mezbon Xitoy terma jamoasidan tashqari qolgan 15 ishtirokchi jamoaning nomi ma’lum bo‘ldi.
Mamlakatimiz saralash bosqichining "B" guruhi bahslariga mezbonlik qildi. Unda O‘zbekiston, Suriya, Hindiston va Bangladesh U20 terma jamoalari o‘zaro kuch sinashdi. Guruhdagi hal qiluvchi bahsda vakillarimiz Suriya terma jamoasini 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Uchrashuvning 10-daqiqasida Diyor Ermanov hisobni ochdi. Ikkinchi bo‘limda, 81-daqiqada Quvonchbek Abrayev jamoamizning ikkinchi goliga mualliflik qilgan bo‘lsa, 90+5-daqiqada Davron To‘laganov penaltini aniq amalga oshirib, termamizning yirik hisobdagi g‘alabasini ta’minladi.
Saralash bosqichi yakunlariga ko‘ra, o‘z guruhlarida birinchi o‘rinni egallagan O‘zbekiston, Janubiy Koreya, Shimoliy Koreya, Tojikiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Yaponiya va Indoneziya terma jamoalari final bosqichiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Shuningdek, saralashda eng yaxshi natija qayd etgan ikkinchi o‘rin sohiblari — Livan, Ummon, Eron, Iordaniya, Tailand, Hindiston va Malayziya terma jamoalari ham Xitoydagi qit’a birinchiligida ishtirok etadigan bo‘ldi.
Qayd etish joizki, 2027-yilgi U20 Osiyo kubogi Jahon chempionati yo‘llanmasi uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Qit’a birinchiligining yarim finaliga chiqqan to‘rtta jamoa U20 Jahon chempionatida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.
2027-yilgi U20 Jahon chempionatiga O‘zbekiston va Ozarbayjon mezbonlik qiladi. Shu bois O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Osiyo kubogida qayd etadigan natijasidan qat’i nazar, mezbon sifatida Jahon chempionatida ishtirok etadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA