O‘zbekiston U-20 jamoasi Osiyo kubogi saralashida ikkinchi g‘alabani qo‘lga kiritdi
O‘zbekiston U-20 terma jamoasi Osiyo kubogi saralash bosqichining ikkinchi turida Hindistonni yirik hisobda mag‘lub etib, guruhdagi peshqadamligini mustahkamladi.
«Do‘stlik» maydonida Hindiston U-20 terma jamoasiga qarshi kechgan bahsda vakillarimiz 4:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvdagi gollarga Ulug‘bek Maratov (29), Quvonchbek Abrayev (35), Shorahim Shorahmedov (66) va Nurbek Sarsenbayev (90) mualliflik qildi.
Guruhning ikkinchi o‘yinida Suriya terma jamoasi Alan (44), Praxitelous (45+1) va As Sarraj (90) tomonidan kiritilgan gollar natijasida Bangladeshni 3:0 hisobida mag‘lub etdi.
[gallery-31246]
Shu tariqa, ikki turdan so‘ng O‘zbekiston 6 ochko bilan «B» guruhida birinchi o‘rinda bormoqda. Suriya va Hindiston 3 ochkodan jamg‘argan holda keyingi o‘rinlarni zabt etgan bo‘lsa, Bangladesh ochko to‘play olmadi. Saralashning navbatdagi turida O‘zbekiston terma jamoasi 6-sentabr kuni Suriyaga qarshi bahs olib boradi. Hindiston esa Bangladesh bilan raqobatlashadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA