
“O‘zbekiston Respublikasining transport-logistika tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga sharh.
So‘nggi yillarda mamlakatda transport-logistika tizimini jadal rivojlantirish, transport infratuzilmasini yaxshilashga investitsiyalarni jalb qilish, yuk tashishlar bozorida sog‘lom raqobat muhitini yaratish borasida qator izchil chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Xususan, transport va yo‘l xo‘jaligi sohalarida bir qator institutsional o‘zgarishlar amalga oshirilib, avtomobil yo‘llari, aviatsiya va temir yo‘l sohalarida yagona davlat siyosatini yurituvchi vakolatli organi sifatida Transport vazirligi tashkil etildi.
Transport sohasida yirik infratuzilma loyihalari amalga oshirilishi natijasida mamlakat hududlarining o‘zaro bog‘langanligini ta’minlash va transport koridorlarini diversifikatsiya qilish vazifalarini hal etish imkoniyati yaratildi.
So‘nggi yetti yilda mahalliy tashuvchilarni qo‘llab-quvvatlash natijasida yuk avtomobillari soni 7 karra oshib, 26 mingga yetgan. Ularning xalqaro tashishdagi ulushi esa 35 foizdan 60 foizga oshgan.
Ushbu davr mobaynida xalqaro yuk tashuvlari hajmi deyarli 2 barobarga o‘sib, 2024 yilda 59,7 mln tonnani tashkil etgan.
Temir yo‘l sohasida transformatsiya ishlari boshlanib, 2023 yilda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ xoldingga aylantirildi hamda tarkibida temir yo‘l sohasida turli xizmatlar ko‘rsatishga ixtisoslashgan yangi korxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Aviatsiya bozori erkinlashtirilishi hamda sohaga xususiy sektorning kirib kelishi natijasida, rezident aviakompaniyalar soni 16 taga yekazildi. 2024 yil yakuniga ko‘ra 16 ta qo‘shimcha havo kemalari olib kelindi va natijada milliy aviatsiya parkidagi havo kemalar soni 85 taga yetkazildi.
Mamlakatimizda amalga oshirilgan yirik infratuzilmaviy islohotlar, logistika xizmatlari sifatining oshishi natijasida Logistika samaradorligi indeksi bo‘yicha xalqaro reytingida O‘zbekiston 2016 yilda 118 o‘rindan 2023 yilda 88 o‘ringa ko‘tarildi.
Lekin dunyodagi geosiyosiy vaziyatning keskinlashishi, transport sohasiga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qo‘ymadi.
Yevropa yo‘nalishida tashish muddati 2 karra, xarajati esa 1,5 barobargacha oshib ketayapti. Ayrim Yevropa mamlakatlari chegaralaridagi o‘tkazish punktlari yopilgan, boshqalarida uzoq navbatlar yuzaga kelgan.
Logistika markazlari tarmog‘ining yetarli darajada rivojlanmagani, xalqaro yo‘nalishlarda yetkazib berish sxemalariga mamlakatdagi mavjud logistika ob’ektlarining to‘liq jalb qilinmagani omborxona jarayonlari talab darajasida avtomatlashtirilmagan.
Transport-logistika sohasida raqamlashtirish darajasinig pastligi, kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi zamonaviy standart va talablarga to‘laqonli javob bermasligi. Ushbu sohada malakali professional kadrlar yetishmovchiligi xizmatlar sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Bundan tashqari, xalqaro tashuvlarda transport-ekspeditorlik xizmatlarining asosiy qismi xorijiy kompaniyalar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Shu bois transport-logistika tizimini izchil rivojlantirish va tashqi savdo yo‘nalishlarini yanada diversifikatsiya qilish maqsadida davlat rahbarining “O‘zbekiston Respublikasining transport-logistika tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.
Mazkur qaror bilan mamlakatimiz transport-logistika tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
Transport-logistika tizimini 2030 yilgacha rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:
xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish hisobiga tashqi savdo yo‘nalishlarini yanada diversifikatsiyalash, mavjud to‘siqlarni bartaraf etish, tashqi bozorlarga yuklarni yetkazib berish muddatlarini qisqartirish, transport-logistika xarajatlarini optimallashtirish;
multimodal tamoyilini maksimal darajada amalga oshirish imkonini beruvchi logistika xizmatlari bozorini rivojlantirish,
3PL va undan yuqori formatida xizmatlarni ko‘rsatishga ixtisoslashgan yirik milliy transport operatorlar tashkil etilishini rag‘batlantirish;
mamlakat tranzit salohiyatini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish, shu jumladan moslashuvchan tarif siyosatini qo‘llash va bojxona tartib-taomillarini soddalashtrish yo‘li bilan qo‘shimcha tranzit yuk oqimlarini jalb etish, bunda “MDH – O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston – Janubiy Sharqiy Osiyo”, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya – Yevropa davlatlari” yo‘nalishlarida yuk tashishni rivojlantirish;
tashqi va ichki moliyalashtirish manbalarini jalb etish ko‘lamini kengaytirish hamda zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash asosida transport infratuzilmasini kompleks va ildam rivojlantirish, hududlarda yuklar shakllanishining asosiy nuqtalarini hisobga olgan holda logistika markazlarining zamonaviy tarmog‘ini shakllantirish;
xalqaro axborot tizimlar bilan integratsiya qilgan holda mamlakatning logistika tizimi platformalarini shakllantirish, xalqaro yuk tashishlarda raqamli va innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, logistika sohasida kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish.
Qarorda iqtisodiyot va xalqaro bozor ehtiyojlariga mos ravishda milliy transport tizimini rivojlantirish, eksport-import jarayonlarida transport xarajatlarini optimallashtirish va tranzit salohiyatini kengaytirish maqsadida bir qator muhim chora-tadbirlar nazarda tutiladi, jumladan:
xalqaro yuk tashishni tashkil etishda milliy transport-ekspeditorlik korxonalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida transport-ekspeditorlik xizmatlariga QQS nol stavkasi belgilandi;
O‘zbekistonda chegarani kesib o‘tishga sarflanadigan o‘rtacha vaqtni 40 dan 20 daqiqaga tushirish maqsadida 2025 yil 1 iyundan e’tiboran davlat chegarasi orqali avtomobil o‘tkazish punktlarida avtotransport vositalarining elektron navbat tizimi joriy etiladi;
transport-logistika markazlarining zamonaviy tarmog‘i shakllantiriladi;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari bo‘ylarida yo‘lbo‘yi servis (“Service area” va “Service point”) ob’ektlari tashkil etiladi;
xalqaro avtomobil transporti ittifoqi bilan hamkorlikda Xalqaro avtomobil transporti sohasida kadrlar tayyorlash va malaka oshirish bo‘yicha mintaqaviy o‘quv markazi tashkil etiladi.
Mazkur qaror loyihasida belgilangan vazifalarni amalga oshirilishi natijasida 2030 yilga borib quyidagi ko‘rsatkichlarga erishiladi:
xalqaro yuk tashish umumiy hajmi kamida 2 barobarga oshadi;
transport va logistika xizmatlari eksporti 2 barobargacha oshadi;
konteynerda yuk tashish ulushi kamida 1,5 barobarga oshadi;
mamlakat tranzit o‘tkazish quvvati yiliga 22 mln tonnaga yetadi;
transport-logistika markazlari tarmog‘ini yaratgan holda ularning yuklarga ishlov berish quvvati kamida 3 barobarga oshadi;
Jahon bankining Logistika samaradorligi indeksidan (LPI) kelib chiqib, O‘zbekistonni 55-pog‘onadan past bo‘lmagan darajaga olib chiqiladi.
O‘zA