O‘zbekiston tashabbusi: parlamentlar ijtimoiy taraqqiyot yetakchisiga aylanmoqda
Dunyoda taraqqiyot tushunchasi bugun faqat iqtisodiy o‘sish yoki yalpi ichki mahsulot hajmining ortishi bilan o‘lchanmaydi. Insonning munosib mehnat qilishi, sifatli ta’lim olishi, ijtimoiy himoyadan foydalanishi, yoshlar uchun imkoniyatlarning kengayishi va xotin-qizlarning jamiyat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi ham taraqqiyotning muhim mezonlariga aylandi. Bunday sharoitda davlat va jamiyat o‘rtasidagi asosiy siyosiy ko‘prik bo‘lgan parlamentlarning vazifasi ham o‘zgarmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti yetakchi ilmiy xodimi Farangiz Eshturdiyeva shu haqdagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
– Zamonaviy parlamentdan nafaqat qonun qabul qilish, balki ularning odamlar hayotidagi natijasini baholash, ijroni nazorat qilish va aholi manfaatlarini davlat siyosatiga samarali olib kirish talab etilmoqda.
O‘zbekiston tashabbusi bilan 2026-yil 24-iyulda BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida «Ijtimoiy rivojlanishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida»gi rezolyutsiya qabul qilingani aynan shu yondashuvni xalqaro miqyosda mustahkamladi.
Uni 61 davlat hammuallif sifatida qo‘llab-quvvatladi, qabul qilinishi uchun esa 167 davlat ovoz berdi. Bu tashabbusning keng xalqaro qo‘llab-quvvatlovga ega bo‘lganini ko‘rsatadi.
Mazkur hujjat so‘nggi yillarda O‘zbekiston tomonidan izchil ilgari surilayotgan parlament diplomatiyasi, inson manfaatlariga asoslangan ijtimoiy davlat va barqaror taraqqiyot g‘oyalarining mantiqiy davomidir.
2025-yil aprel oyida Toshkentda ilk bor Markaziy Osiyo mintaqasida Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi o‘tkazildi. 140 ga yaqin davlatdan 2 mingdan ziyod delegat ishtirok etgan ushbu yirik anjuman «Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati» mavzusiga bag‘ishlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Assambleyada tinchlikni saqlash, ijtimoiy taraqqiyot va adolatni ta’minlashda parlamentlarning ishtiroki va ta’sirini oshirish zamon talabi ekanini ta’kidladi. E’tiborli jihati shundaki, BMTning yangi rezolyutsiyasida Toshkent Assambleyasi va uning yakuni bo‘yicha qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasi alohida olqishlandi.
Shu tariqa, Toshkentda ilgari surilgan g‘oya qisqa vaqt ichida global huquqiy-siyosiy hujjat darajasiga ko‘tarildi.
Rezolyutsiyaning asosiy ahamiyati shundaki, unda parlamentlar ijtimoiy siyosatni amalga oshirishdagi ikkinchi darajali ishtirokchi emas, balki uni shakllantirish va ta’minlashning muhim instituti sifatida qaraladi. Hujjat parlamentlarni ijtimoiy himoyani kuchaytirish, kambag‘allikni qisqartirish, munosib bandlikni ta’minlash, sifatli ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish va ijtimoiy inklyuziyani rivojlantirish jarayonlariga faol jalb etishni nazarda tutadi.
Bunda yoshlar va xotin-qizlarning ishtirokiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Yoshlar faqat davlat siyosatining manzilli guruhi emas, balki uni shakllantirishda ishtirok etadigan sub’ektga aylanishi kerak. Ta’lim, bandlik, uy-joy, raqamli huquqlar, ekologiya, tadbirkorlik yoki sun’iy intellekt kabi masalalarda qabul qilinadigan qarorlar ularning kelajagiga bevosita ta’sir qiladi.
O‘zbekistonda bu yo‘nalishda muayyan institutsional tajriba shakllangan. 2021-yilda Oliy Majlis palatalari huzurida Yoshlar parlamentlari tashkil etildi. 2025-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev Parlamentlararo ittifoq Assambleyasida Yoshlar parlamentlarining global platformasini tashkil etish va uning ta’sis forumini O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusini bildirdi.
Parlamentning ijtimoiy taraqqiyotdagi roli, avvalo, vakillik xususiyati bilan belgilanadi. U jamiyatning turli qatlamlari manfaatlarini ifodalaydi. Shu bois, BMT rezolyutsiyasi davlatlarni 2030-yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish kun tartibini amalga oshirish va uning natijalarini monitoring qilish jarayonlariga parlamentlarni yanada faol jalb etishga chaqiradi.
Ijtimoiy siyosat natijalarini raqamlarda baholash zarurati O‘zbekiston misolida ham yaqqol ko‘rinadi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda kambag‘allik darajasi 2021-yildagi 17,0 foizdan 2025-yilda 5,8 foizgacha pasaygan. Albatta, bu natija keng qamrovli iqtisodiy va ijtimoiy siyosat samarasidir. Biroq, bunday ko‘rsatkichlar qabul qilinayotgan qonunlar va davlat dasturlarining odamlar hayotidagi natijasini baholash uchun ham muhim mezon bo‘la oladi.
O‘zbekistonning mazkur rezolyutsiyani ilgari surishi mamlakatimizdagi parlament islohotlari bilan ham uzviy bog‘liq. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya parlamentning davlat va jamiyat boshqaruvidagi rolini sezilarli darajada kuchaytirdi. Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari 5 tadan 12 taga, Senatniki esa 14 tadan 18 taga oshirildi. Ayrim davlat organlarini shakllantirishga doir vakolatlar qonun chiqaruvchi hokimiyatga o‘tkazildi, Hukumatni shakllantirish va davlat organlari faoliyati ustidan parlament nazoratida uning ishtiroki kengaydi.
So‘nggi yillarda qonun chiqaruvchi hokimiyatning jamiyat va davlat hayotidagi rolini oshirishga qaratilgan 20 dan ortiq qonun qabul qilindi. Qonunchilik palatasining 2025-yilgi faoliyatida 204 qonun loyihasi ko‘rib chiqilgani ham parlament faoliyati ko‘lami kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Endi bu jarayonda qabul qilingan qarorlarning ijtimoiy samarasini baholash va ijrosini nazorat qilish yanada muhim.
Shu ma’noda, O‘zbekiston tashabbusi parlament diplomatiyasiga ham yangi mazmun bermoqda. Parlamentlararo muloqot endi faqat siyosiy pozitsiyalar almashinuvi emas, balki odamlarning kundalik hayotiga daxldor ijtimoiy muammolar bo‘yicha yechim va tajribalar almashish maydoniga aylanmoqda.
Har qanday xalqaro hujjatning haqiqiy qiymati uning matnida emas, amaliyotda namoyon bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan, yangi rezolyutsiya davlatlar oldiga muhim savollarni qo‘yadi: parlamentlar ijtimoiy siyosatni shakllantirishda qay darajada ishtirok etmoqda? Byudjet muhokamalarida inson manfaati qay darajada ustuvor? Yoshlar va xotin-qizlar ovozi qarorlar qabul qilish jarayonida yetarlicha eshitilyaptimi? Qabul qilingan qonunlarning ijtimoiy natijasi o‘lchanyaptimi?
Shu bois, O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan rezolyutsiyani navbatdagi xalqaro siyosiy hujjat sifatidagina baholash kamlik qiladi. U parlamentning zamonaviy jamiyatdagi vazifasiga nisbatan yangi qarashni ilgari suradi: parlament – qonunlar qabul qiladigan institutgina emas, balki inson manfaatlarini taraqqiyot siyosatiga aylantiradigan demokratik maydondir.
Eng muhimi, bu jarayonda yosh avlod chetda qolmaydi. Bugun parlament eshigidan kirib kelayotgan yoshlarning g‘oyasi ertaga qonunga, davlat dasturiga yoki xalqaro tashabbusga aylanishi mumkin.
O‘zbekiston ilgari surgan yangi global g‘oyaning mohiyati ham shunda: ijtimoiy taraqqiyot odamlar uchun amalga oshiriladi, parlament esa odamlarning ovozini ana shu taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchiga aylantirishi kerak.
Norgul Abduraimova, O‘zA