Iqtisodiy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning taklifiga binoan 31-avgust kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi hamda “SHHT plyus” formatidagi uchrashuvda ishtirok etish uchun Bishkek shahriga keldi.
“Manas” xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi – Prezident Administratsiyasi rahbari Adilbek Qasimaliyev va boshqa rasmiylar kutib oldi.
Prezidentimiz Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida bir qator xorijiy delegatsiyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Bishkek shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Xitoy yetakchisiga O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yo‘llagan samimiy tabrigi hamda O‘zbekiston – Xitoy ko‘p qirrali munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shayotgan shaxsiy hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.
Kelgusi yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 35 yil to‘ladi. Ushbu qutlug‘ sanani keng nishonlash bo‘yicha tadbirlar dasturini tayyorlash taklif etildi.

So‘nggi yillarda ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Barcha darajalarda aloqalar izchil mustahkamlanib, siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologik hamkorlik rivojlanmoqda, madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaymoqda.
Tomonlar tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi tizimli strategik muloqotni davom ettirish va parlamentlararo aloqalarni yanada chuqurlashtirish muhimligini ta’kidladilar. O‘zbekiston “yagona Xitoy” siyosati hamda “uch yovuz kuch”ga qarshi qat’iy kurashni doimiy qo‘llab-quvvatlashi qayd etildi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. O‘tgan yili ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 18 milliard dollarga yaqinlashdi. Kelgusida uning yanada o‘sishiga ishonch bildirildi.
Yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 30 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha yangi marrani belgilash taklif etildi. Shu maqsadda sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish hamda O‘zbekiston korxonalarining Xitoyda o‘tkaziladigan savdo ko‘rgazmalarida faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar davom ettiriladi.
Amaldagi qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli qariyb 60 milliard dollarni tashkil etmoqda. O‘zbekistonda 6 mingdan ortiq qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.
Energetika, kimyo sanoati, metallurgiya, qurilish materiallari va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, transport va infratuzilma, qishloq xo‘jaligi hamda yuqori texnologiyalar sohalarida sanoat kooperatsiyasining istiqbolli yo‘nalishlari belgilandi. Raqamli iqtisodiyot, tog‘-kon sanoati, mineral resurslarni o‘zlashtirish va qayta ishlash sohalaridagi “o‘sish nuqtalari” kengaytiriladi.
Texnologik sheriklikning yorqin namunasi sifatida “BYD” kompaniyasi bilan elektromobillar ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik qayd etildi. Ishlab chiqarish quvvatlari va mahalliylashtirish darajasini oshirish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
Xitoy kompaniyalariga O‘zbekiston hududlaridagi qo‘shma sanoat zonalarida ishlab chiqarish korxonalarini tashkil qilishda yanada faol ishtirok etish taklif qilindi.
Xitoyning yetakchi moliya institutlari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish va ularning mamlakatimizdagi loyihalardagi ishtirokini kengaytirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Energetika sohasidagi hamkorlik yuqori baholandi. O‘zbekiston an’anaviy va muqobil energetika sohalaridagi sheriklikni kengaytirish hamda Xitoy kompaniyalarini tinch atom loyihalariga jalb etishdan manfaatdor.
Hududlararo almashinuvlar faol rivojlanmoqda. O‘zbekistonning barcha viloyatlari Xitoy provinsiyalari bilan faol hamkorlik qilib, ko‘pgina qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqda. May oyida Sian shahrida uchinchi Hududlar forumi bo‘lib o‘tdi.
Transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” strategik temir yo‘lini qurish ishlari samarali davom ettirilmoqda. Mazkur yo‘nalish Yevroosiyo transport ekotizimining muhim bo‘g‘iniga aylanishi hamda “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi o‘zaro bog‘liqlikni yanada kuchaytirishiga ishonch bildirildi.
Muzokaralar davomida turizm va gumanitar almashinuvlarni kengaytirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Vizasiz tartib amal qilmoqda, ikki mamlakat shaharlari o‘rtasidagi aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish va parvozlar sonini ko‘paytirish rejalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston va Xitoy madaniyat markazlarini ochish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Yil yakuniga qadar Xitoyda O‘zbekiston madaniyati kunlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. 2027-2029-yillarga mo‘ljallangan madaniy tadbirlar dasturini qabul qilish taklif etildi.
Ilm-fan, ta’lim va kadrlar tayyorlash sohalaridagi hamkorlik muntazamlik kasb etgan. “Lu Ban ustaxonalari” va Konfutsiy institutlari faoliyati hamda hududlarda qo‘shma ta’lim loyihalarini rivojlantirish ishlari davom ettiriladi.
Xitoy tilini o‘rganishni, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi ta’lim dasturlarini yanada kengaytirish hamda yurtimiz yoshlarining Xitoyda tahsil olishi uchun kvotalarni oshirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Kosmosni o‘zlashtirish hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari qatorida qayd etildi.
“Xitoy – Markaziy Osiyo” formatidagi mintaqaviy sheriklikni yanada chuqurlashtirish va uning kelgusi yilda Xitoyda bo‘lib o‘tadigan uchinchi sammitiga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston Prezidenti Xitoy Raisini mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi. Uchrashuv har doimgidek ishonch, ochiqlik va do‘stlik ruhida o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yil boshidan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 12 foizga oshdi.
Sanoat, energetika, metallurgiya, transport va iqtisodiyotning boshqa ustuvor tarmoqlarida yirik qo‘shma loyihalarni amalga oshirish davom etmoqda.
O‘zaro savdoning ijobiy dinamikasini saqlab qolish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini jadallashtirish, shuningdek, hududlararo aloqalarni faol davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi faol madaniy-gumanitar almashinuvlarni kelgusida ham kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Yetakchilar ikki tomonlama va ko‘p tomonlama formatlardagi bo‘lajak tadbirlar rejasini ham muhokama qildilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev SHHT sammiti tadbirlari doirasida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat avvalida BMT Bosh kotibi davlatimiz rahbari va O‘zbekiston xalqini mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy tabriklab, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.

BMT va uning institutlari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari Antoniu Guterrishning O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shayotgan shaxsiy hissasini yuqori baholadi. Bosh kotibning tashkilot tizimini isloh qilishga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini aytdi.
Faol muloqot va o‘zaro tashriflar hamda O‘zbekistonning BMTning saylanadigan organlari faoliyatidagi ishtiroki kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. So‘nggi yillarda mamlakatimiz tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 15 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi.
Antoniu Guterrish O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda katta yutuqlarga erishayotganini olqishladi. Bu boradagi hamkorlikni yanada faol davom ettirishga tayyorlik tasdiqlandi.
Suhbat davomida xalqaro va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi. Bo‘lajak qo‘shma tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gorni qabul qildi.
Uchrashuv avvalida Serjio Gor davlatimiz rahbarini O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan samimiy tabrikladi hamda AQSH Prezidenti Donald Trampning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekiston – AQSH strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Siyosiy muloqot, parlamentlararo va hududlararo aloqalarning ijobiy sur’ati hamda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning izchil kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Ustuvor yo‘nalishlarda, jumladan, energetika, transport, muhim minerallar, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, qishloq xo‘jaligi sohalarida qo‘shma loyiha va tashabbuslarni ilgari surishni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
“S5+1” formati doirasida bo‘lajak tadbirlarga hamda O‘zbekiston-Amerika ishbilarmonlik va investitsiya kengashining navbatdagi yig‘ilishiga puxta tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Pokistonni Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislikni qabul qilayotgani bilan samimiy tabrikladi.

Joriy yilning fevral oyida Islomobodga amalga oshirilgan tarixiy tashrif va bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlar munosabatlarimizni yangi sifat bosqichiga ko‘targani alohida qayd etildi.
Muloqot davomida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va logistika bo‘yicha hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish borasida fikr almashildi.
Uchrashuvda hududlararo hamkorlik va gumanitar yo‘nalishdagi aloqalarni rivojlantirish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Xususan, joriy yilda Xiva shahrida Hududlararo forum o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani hamda Pokistonda O‘zbekiston madaniyati va kinosi kunlarini tashkil etish rejalashtirilayotgani qayd etildi.
To‘qimachilik, tibbiyot, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va boshqa muhim sohalardagi loyihalarni jadallashtirish maqsadida qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bishkek shahriga tashrifi doirasida VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.

“Bishkek-Arena” stadionida bo‘lib o‘tgan tadbirda SHHT davlatlari rahbarlari va boshqa mehmonlar ishtirok etdi.
Musobaqalarda 90 dan ortiq mamlakatdan 3 mingdan ziyod sportchi, jumladan, O‘zbekistondan 141 nafar vakil ishtirok etmoqda. Yurtdoshlarimiz 30 ta sport turi, xususan, kurash, sambo, armrestling, kamondan o‘q otish, ot sporti bo‘yicha bellashadilar.
Ishtirokchilarga ko‘chmanchi xalqlarning boy madaniyati va tarixi, an’ana hamda urf-odatlariga bag‘ishlangan teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishi namoyish etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iz Respublikasiga amaliy tashrifi davom etmoqda.
O‘zA