O‘zbekiston tashabbusi asosida BMT tomonidan parlamentlarning roli kuchaytirilayotgani e’tirof etildi
Samarqandda o‘tayotgan Yosh parlament a’zolarining XII global konferensiyasi doirasida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Parlamentlararo ittifoq (PI) Bosh kotibi Anda Filip bilan uchrashdi. Unda hamkorlikning bugungi holati, erishilgan natijalar hamda istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi.
A.Filip O‘zbekistonning tashkilot bilan hamkorlikni rivojlantirish borasidagi tashabbuslarini yuqori baholadi. Xususan, Buxoroda Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha global forum, Toshkentda jahon parlamentlari ayol rahbarlarining sammiti, Samarqand va Buxoroda Osiyo xotin-qizlar forumlari o‘tkazilgani mamlakatimizning xalqaro parlamentlararo muloqotdagi faol ishtirokining muhim natijalari sifatida qayd etildi.
2025-yil aprel oyida Toshkentda Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi Markaziy Osiyoda ilk bor o‘tkazilgani alohida ta’kidlandi.
Muloqot davomida O‘zbekiston tashabbusi asosida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan parlamentlarning xalqaro va global jarayonlardagi rolini kuchaytirishga qaratilgan rezolyutsiyalar qabul qilingani mamlakatimizning parlament diplomatiyasi sohasidagi muhim tashabbuslaridan biri sifatida e’tirof etildi.

Parlamentlararo ittifoqning yangi Strategiyasi doirasida hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. O‘zaro aloqalarni mustahkamlash, tajriba almashinuvini kengaytirish, yangi qo‘shma tashabbus va amaliy loyihalarni ilgari surish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida Senat Raisi joriy yilning oktabr oyida Tanzaniyada Parlamentlararo ittifoq Bosh Assambleyasini o‘tkazishda muvaffaqiyatlar tiladi.
N.Abduraimova,
O‘zA