O‘zbekiston rahbarining parlamentlararo forumni ta’sis etish tashabbusi dolzarb qadam sifatida baholandi
Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» birinchi parlamentlararo forumi doirasida parlament delegatsiyalari uchrashuvlari tashkil etildi.
Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Qozog‘iston Parlamenti Majlisi Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi raisi Aygul Kuspan, Tojikiston Majlisi Namoyondagon Majlisi Oli raisining o‘rinbosari Mavsuma Muini, Turkmaniston Mejlisi Xalqaro va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi Maksat Kuliyev, Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshining Fan, ta’lim, innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari, madaniyat, sport va yoshlar ishlari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Saltanat Amanova bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Delegatsiya rahbarlari Samarqand sammitida O‘zbekiston rahbari ilgari surgan «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» parlamentlararo forumini ta’sis etish tashabbusini o‘z vaqtidagi dolzarb qadam sifatida baholadi. Bu tashabbus O‘zbekistonning mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirishdagi birlashtiruvchi o‘rnini yaqqol namoyon etmoqda.

Davlat rahbarlari darajasida erishilgan kelishuvlarni parlament darajasida qo‘llab-quvvatlash va amaliy jihatdan ro‘yobga chiqarish muhimligi qayd etildi. Forumni institutsionallashtirish, uni rotatsiya asosida o‘tkazish va ishtirokchilar doirasini kengaytirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

Uchrashuvlarda Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyoga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotgani qayd etilib, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish uchun muvofiqlashtirilgan mintaqaviy yondashuv zarurligi ta’kidlandi.
Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida qayd etildi.
Shu bilan birga, parlamentlararo hamkorlikni yanada kuchaytirish, jumladan, YeXHT Parlament Assambleyasi doirasida transport bog‘liqligi va ekologik barqarorlik masalalariga bag‘ishlangan qo‘shma tadbir o‘tkazish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
N.Abduraimova,
O‘zA