O‘zbekiston sudyalari SIFoCC global forumiga qo‘shiladi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Robaxon Mahmudova Seul shahrida bo‘lib o‘tayotgan Osiyo – Tinch okeani mamlakatlari Oliy sudlari raislarining XX konferensiyasi doirasida Tijorat sudlarining doimiy xalqaro forumi (SIFoCC) vakillari bilan uchrashdi.
Muloqot davomida SIFoCC faoliyatiga mas’ul sudya Robin Noulz va tashkilot kotibiyati rahbari Adenike Adevale mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, O‘zbekiston Prezidentining farmoni bilan tasdiqlangan «Odil sudlov - 2030» strategiyasida belgilangan strategik maqsadlar bilan tanishtirildi.
Strategiyada inson huquqlari sohasidagi ilg‘or xalqaro standartlarni milliy sud amaliyotiga implementatsiya qilish va O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirishga qaratilgan muhim masalalar o‘z aksini topgan.
Shu o‘rinda sud va sudyalar hamjamiyati organlarining xorijiy davlatlarning tegishli organlari bilan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash va o‘zaro manfaatli munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish hamda odil sudlov va sudyalar hamjamiyatining yetakchi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorligini faollashtirish, ushbu tashkilotlarga, shu jumladan, ularning boshqaruv organlariga O‘zbekiston vakillarini a’zo qilish muhim o‘rin tutadi.

Uchrashuvda R. Mahmudova mamlakatimizda ushbu nufuzli forumga a’zo sifatida qo‘shilish uchun zarur huquqiy va institutsional asoslar mavjudligini bildirib, bu boradagi muloqotni olib borish hamda tashkilotning tadbirlarida o‘zbekistonlik sudyalarning ishtirokini ta’minlashga qaratilgan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish taklifini ilgari surdi.
O‘z navbatida, SIFoCC mas’ullari mazkur tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlagan holda O‘zbekiston bilan ushbu masalalar bo‘yicha izchil va mazmunli hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

Ma’lumot uchun: SIFoCC (“Standing International Forum of Commercial Courts” – Tijorat sudlarining doimiy xalqaro forumi) butun dunyo bo‘ylab tijorat sudlari va ixtisoslashgan sud organlarini birlashtiruvchi global tarmoq. Forum 2017-yilda tashkil etilgan bo‘lib, unga dunyoning ko‘plab mamlakatlari sudyalari a’zo bo‘lgan.
N.Abduraimova, O‘zA