O‘zbekistonda sanoat korxonalari asosan nimalar ishlab chiqarmoqda?
O‘zbekistonda sanoat tarmog‘ida faoliyat yuritayotgan korxonalar soni 63,9 mingtaga yetdi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich 2026-yil 1-avgust holatiga qayd etilgan. Sanoat korxonalarining asosiy qismi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, qurilish materiallari, kiyim-kechak, tayyor metall buyumlar va mebel ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlarga to‘g‘ri keladi.
Xususan, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida 12,8 mingta korxona faoliyat yuritib, ularning umumiy sanoat korxonalaridagi ulushi 20,1 foizni tashkil etgan.
Boshqa nometall mineral mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘nalishida 9 mingta korxona mavjud bo‘lib, ularning ulushi 14 foizga teng. Shuningdek, kiyim ishlab chiqarish sohasida 6,5 mingta (10,2 foiz), tayyor metall buyumlar ishlab chiqarishda 5,2 mingta (8,2 foiz), mebel ishlab chiqarishda 4,4 mingta (6,8 foiz) korxona faoliyat olib bormoqda.
To‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida 3,9 mingta korxona qayd etilgan bo‘lsa, rezina va plastmassa buyumlar ishlab chiqarish bilan 3 mingta korxona shug‘ullanmoqda. Ularning umumiy sanoat korxonalari tarkibidagi ulushi mos ravishda 6,1 va 4,6 foizni tashkil etadi.
Shu tariqa, sanoat tarmog‘idagi korxonalar tarkibida ishlab chiqarishning iste’mol tovarlari, qurilish materiallari va qayta ishlash yo‘nalishlari salmoqli o‘rin egallamoqda.
Hamroz Bayonov,O‘zA