O‘zbekiston – Rossiya: Sheriklikning ustuvor yo‘nalishlari
Jahonda geosiyosiy o‘zgarishlar yuz berib, mintaqaviy xavfsizlik va iqtisodiy barqarorlik masalasi tobora dolzarb tus olayotgan sharoitda O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari alohida ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, mamlakatimizning Rossiya bilan ko‘p qirrali hamkorligi, siyosiy, iqtisodiy hamda madaniy-gumanitar aloqalarining yangi bosqichi ham ushbu jarayonni yaqqol aks ettiradi. Mazkur tahliliy maqolaga O‘zbekiston –Rossiya munosabatining bugungi holati va rivojlanish tendensiyasi bo‘yicha ekspert Sayfiddin Jo‘rayevning fikr-mulohazalari asos bo‘ldi.
O‘zbekiston va Rossiya hamkorligi tobora mustahkam institutsional asosga ega bo‘lmoqda. Ayni payt ikki davlat o‘rtasida 400 dan ziyod davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo hujjat amalda. Bunday huquqiy baza tasodifiy emas, balki uzoq muddatli, tizimli rivojlanishga qaratilgan.
2017-yil o‘zaro munosabatda yangi bosqich boshlangan. Oliy darajadagi siyosiy muloqot faollashib, so‘nggi sakkiz yilda davlat rahbarlari yigirmaga yaqin tashrif amalga oshirgan. Natijada vazirliklar, hududlar, parlamentlar va ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalar keskin jonlandi. Eng muhimi, hamkorlik amalda barcha yo‘nalishlar bo‘yicha aniq natija bera boshladi.
Rossiya bilan munosabat O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Amalga oshirilayotgan qadamlar strategik sheriklik va ittifoqchilikni chuqurlashtirishga xizmat qilmoqda. Aloqalar shiorlar bilan emas, aniq loyihalar, uzoqni ko‘zlagan qarorlar bilan mustahkamlanmoqda.
Bugungi global sharoitda davlatlar faqat jahon bozoriga suyana olmaydi. Milliy manfaatni himoya qilish, aniq vazifalarni hal etish asosiy mas’uliyat sifatida davlatlar zimmasida qolmoqda. Shu bois Rossiya va O‘zbekiston sa’y-harakatlarni milliy manfaat bilan uyg‘un holda olib bormoqda.
Global tizim o‘zgaryapti: raqobat kuchayib, savdo va tarif urushi ko‘lami kengaygan, xalqaro institutlar ta’siri susaygan. Ayni sharoitda har ikki davlat iqtisodiy va siyosiy strategiyasini yangi manzaraga moslashtirishga majbur.
Yevrosiyo tobora ochiq va yuqori o‘sish sur’atiga ega makonga aylanmoqda. Rossiya, Xitoy va Hindiston o‘rtasidagi bog‘liqlik, shuningdek AQSH va Yevropa Ittifoqining ta’sir o‘tkazishga intilishi mintaqada murakkab muvozanatni shakllantirmoqda. O‘rni biroz pasaygan bo‘lsa-da, YeI hamon investitsiya va savdo sherigi sifatida muhim.
Markaziy Osiyo davlatlari o‘zaro yaqinlashib, umumiy rivojlanish yondashuvini shakllantirmoqda. Mazkur integratsiya yopiq yoki alohida xususiyatga kasb etmagan, aksincha mintaqani barqaror rivojlanish makoniga aylantirish maqsadini ko‘zlaydi. Rossiya jarayonni qo‘llab-quvvatlamoqda, “5+1” formati buning amaliy ifodasi.
Mahalliy omillar ham bor: jamiyatlar o‘zgarib, avlodlar almashyapti, qadriyatlar tizimi rivojlanmoqda. Ayni jarayonda suv, iqlim va demografiya kabi umumiy muammolar uzoq muddatli hamkorlikni talab etadi.
Yuqori darajada taraqqiy etgan texnologiya, ayniqsa sun’iy intellekt sohasi ham yangi imkoniyatlar ochmoqda. RFning bu yo‘nalishdagi salohiyati respublikamiz bilan ekspert va amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun zamin yaratadi.
Rossiya –O‘zbekiston hamkorligi faqat ikki tomonlama manfaatga emas, balki butun Yevrosiyo makonida barqarorlik va taraqqiyotni mustahkamlashga xizmat qiladigan darajada strategik ahamiyatga ega.
Zamonaviy tahdidlarga birgalikda javob berish, kun tartibidagi masalalarni hal qilish bo‘yicha shakllangan o‘ziga xos tajriba ham natija bermoqda. Mazkur jarayon samarali sheriklikni rivojlantirishda jadal ijobiy sur’at tezlashayotganini ko‘rsatmoqda. Hamkorlik Yevrosiyoda mintaqaviy barqarorlikning muhim kafolatiga aylanmoqda.
Xususan, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi siyosiy muloqot sezilarli darajada mustahkamlandi. 2017-yildan buyon oliy darajada 18 marta o‘zaro tashrif qayd etildi. Faqat joriy yil boshidan buyon davlatlarimiz rahbarlari uch bor uchrashdi.
Faol kengayib borayotgan savdo-iqtisodiy aloqalar ham alohida ahamiyat kasb etadi. O‘tgan besh yil o‘zaro savdo hajmi ikki barobar oshdi. Savdo aylanmasining qariyb 70 foizi yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Investitsiya loyihalari qiymati 45 milliard dollarga yetdi.
Bunday ko‘rsatkichga, boshqa omillar qatori, sanoat kooperatsiyasi jadal rivojlanishi hisobiga ham erishildi. Iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida 150 dan ortiq loyiha yo‘lga qo‘yildi. Qisqa vaqt ichida oddiy eksport-import amaliyotidan to‘laqonli sanoat va texnologiya sherikligiga o‘tildi.
2025-yil Hududlar kengashi ikkinchi yig‘ilishi doirasida iqtisodiy diplomatiya jadallashtirilib, Farg‘ona, Surxondaryo, Namangan, Navoiy, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari rahbarlari RFning sanoati rivojlangan hududlari bilan kelishuvga erishildi.
Bu jarayonda quyidagi tendensiya yaqqol kuzatildi. Birinchidan, O‘zbekiston va Rossiya hududlari o‘rtasida iqtisodiy, sanoat, qishloq xo‘jaligi, investitsiya, kimyo sanoati hamda energetika sohalarida sanoat kooperatsiyasi rivojlantirildi.
Ikkinchidan, qo‘shma biznes-forumlar tashkil etish, ikki tomonlama “Savdo uyi” va “Logistika markazi” ochish, o‘zbek mahsulotlari sotiladigan firma do‘konlarini tashkil etish, shuningdek o‘rmon sanoati, ilmiy-texnikaviy, ta’lim va madaniy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha bitimlar imzolandi. Jami 30 dan ko‘p kelishuv ishga tushirilib, qo‘shma loyihalar amalga oshirildi.
Uchinchi tendensiya sifatida Krasnoyarsk o‘lkasi gubernatori savdo va sanoat hamkorligini kengaytirish, yoshlar va sport loyihalarini birga ilgari surishni davom ettirish niyatini bildirdi. Boshqirdiston rahbari Toshkent viloyatida sanoat parki qurilishi boshlanishini ma’lum qilib, qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikka tayyorligini ta’kidladi. Moskva viloyati hokimi esa amalga oshirilgan sanoat va gumanitar loyihalarga to‘xtalib, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida sheriklik kengayganini qayd etdi.
To‘rtinchidan, ta’lim hamkorligini chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Rossiya O‘zbekistonga ta’lim xizmati ko‘rsatish bo‘yicha yetakchi davlat hisoblanadi. Bu yutuqlar sheriklikning noyob mexanizmi yaratilgani bilan izohlanadi. Shu nuqtai nazardan har yili o‘tkaziladigan Rossiya –O‘zbekiston ta’lim forumi hamda ikki davlat universitetlari rektorlari mintaqalararo konferensiyasi o‘zaro aloqalarni izchil chuqurlashtirmoqda.
Qolaversa, hamkorlik o‘zaro manfaat va ehtiyojni hisobga olish tamoyiliga asoslangani nihoyatda muhim. Yondashuvlarni muvofiqlashtirish, bir-biri talabini tushunish va yaqinlashish nuqtalarini topish barqaror, teng huquqli sheriklik o‘rnatishning asosiy shartidir.
Xullas, Rossiya bilan ikki tomonlama munosabatni rivojlantirish O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Turli sohalardagi yaqin hamkorlik ikki tomonlama rag‘batlantirilmoqda. Natijada vazirlik, idora va parlamentlar, mintaqa va hududlar, ishbilarmon doiralar o‘rtasida delegatsiyalar almashinuvi mingdan oshdi. Bunday samarali muloqot hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida aniq natijalarga erishish imkonini beradi.
Musulmon Ziyo tayyorladi. O‘zA