Shu kunlarda Buxoro davlat pedagogika instituti rektori Bahodir Ma’murov boshchiligidagi delegatsiya Rossiyaning nufuzli ta’lim dargohlaridan biri – M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti rahbariyatining taklifiga ko‘ra, mazkur oliy ta’lim muassasasida bo‘lib turibdi.
Buxoro davlat pedagogika instituti rektori B.Ma’murov va M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti rektori V.Sadovnichiy tomonidan ilmiy -tadqiqot ishlarini rivojlantirish va ta’lim sifatini oshirish to‘g‘risida o‘zaro hamkorlik shartnomasi imzolandi.



–Mazkur shartnomaga muvofiq, har ikkala oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida ilmiy-amaliy hamkorlikni rivojlantirish, bakalavriyat yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisligi bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari imkoniyatini kengaytirish zarur, –deydi Buxoro davlat pedagogika instituti rektori B.Ma’murov. – Shuningdek, talabalar va professor-o‘qituvchilarning o‘zaro almashinuvi, professor-o‘qituvchilarning stajirovka va malaka oshirishi, hamkorlikdagi ilmiy tadqiqotlar, ilmiy va ta’limiy loyihalar, darsliklar, monografiya, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar yaratish, maqolalar chop etish, ilmiy konferensiya, seminarlar tashkil etish, tarkibiy tuzilmadagi o‘zgarishlar yuzasidan hamkorlikni kengaytirish, o‘quv jarayonini tashkil etish va boshqarish sohasida tajriba almashish, xalqaro hamkorlik dasturlarida birgalikda ishtirok etish, talabalar uchun mutaxassislik fanlaridan ma’ruza mashg‘ulotlari va kurslarini muntazam tashkil etish vazifalari belgilab olindi.


Zarif Komilov, O‘zA muxbiri