NASA Oy missiyasiga start berdi
NASA "Artemis" III dasturi bo‘yicha yangi rejalarni ochiqladi, biroq eng muhim yangilik – insonning Oy yuzasiga qaytishi yana ortga surildi.
Avvalgi rejaga ko‘ra, “Artemis” III missiyasi astronavtlarni Oyga olib borishi kerak edi. Endi esa missiya Yer orbitasi atrofida amalga oshiriladi va asosiy e’tibor kelajakdagi Oy qo‘nishlari uchun texnologiyalarni sinovdan o‘tkazishga qaratiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Orion” kemasi to‘rt nafar astronavt bilan Yer orbitasiga chiqadi. Parvoz davomida hayotni ta’minlash tizimlari — suv, kislorod va azot zaxiralari sinovdan o‘tkaziladi. Shuningdek, ilk bor orbitada ikki kosmik apparatning ulanishi va yoqilg‘i quyish jarayoni amalga oshiriladi.
Mutaxassislar fikricha, bu texnologiya kelajakda Oy va Marsga uzoq parvozlar uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega, chunki uzoq missiyalarda kemalar kosmosning o‘zida qayta yoqilg‘i olishiga to‘g‘ri keladi. “SpaceX” va “Blue Origin” ham missiyaning muhim qismiga aylanmoqda. NASA ikki kompaniyaga inson qo‘nishi uchun mo‘ljallangan yangi kosmik tizimlarni sinovdan o‘tkazish uchun qo‘shimcha vaqt bermoqda.
NASA vakillaridan Jeremi Parsonsning aytishicha, “Artemis” III kelajakda bir vaqtning o‘zida bir nechta kosmik apparat bilan ishlash imkoniyatlarini ham tekshirib beradi. Shu tariqa, insoniyatning Oyga kayta qaytishi yana kechikdi. Hozircha NASA insonni Oy yuzasiga tushirishni “Artemis” IV missiyasi doirasida 2028-yil atrofida amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Musulmon Ziyo,
O‘zA