O‘zbekiston Prezidenti “SOCAR” va “British Petroleum” bilan hamkorlikni rivojlantirish rejalarini muhokama qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13-may kuni “O‘zbekiston energetika haftaligi – 2026” forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Ozarbayjonning “SOCAR” kompaniyasi bosh direktori Ravshan Najaf hamda “British Petroleum” kompaniyasi rahbariyati Ariel Flores va Jovanni Kristofolini qabul qildi.
Uchrashuvda energetika va neft-gaz sohasida yetakchilardan hisoblangan ushbu yirik kompaniyalar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Energetika sohasidagi kooperatsiya muvaffaqiyatli kechayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. “SOCAR” kompaniyasi Ustyurt platosidagi uglevodorod konlarini o‘zlashtirish loyihasini amalga oshirishda O‘zbekistonning sherigi hisoblanadi. “SOCAR”ning O‘zbekistondagi vakolatxonasini ochish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Ushbu keng ko‘lamli loyihaga “British Petroleum” kompaniyasi qo‘shilganiga yuksak baho berildi.

Neft-gaz sohasida uglevodorod xomashyosini qidirish, qazib olish va chuqur qayta ishlash, neft va neft mahsulotlarini uzoq muddatli yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish hamda tarmoq uchun mutaxassis kadrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ilgari surish muhimligi ta’kidlandi.


Bundan tashqari, Ozarbayjon futbol federatsiyalari assotsiatsiyasi raisi sifatida ham faoliyat yuritayotgan Ravshan Najaf davlatimiz rahbariga 2027-yilda O‘zbekiston va Ozarbayjonda yoshlar o‘rtasidagi U-20 jahon chempionatini o‘tkazishga birgalikda tayyorgarlik ko‘rishdagi ko‘magi uchun minnatdorlik bildirdi.
