O‘zbekiston Prezidenti Seuldagi sammitda hamkorlikning 5 ta strategik yo‘nalishini ilgari surdi
Dunyoning geopolitik va geoiqtisodiy arxitekturasi shiddat bilan o‘zgarib, global ta’minot zanjirlari qayta shakllanayotgan hozirgi tarixiy bosqichda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga amalga oshirgan rasmiy tashrifi va Seul shahrida bo‘lib o‘tgan birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammiti mintaqaviy rivojlanish xaritasida mutlaqo yangi sahifa ochdi. Bu shunchaki navbatdagi oliy darajadagi uchrashuv emas, balki 80 milliondan ortiq aholiga ega, jadal o‘sayotgan Markaziy Osiyo va jahonning texnologik giganti Janubiy Koreya o‘rtasidagi strategik sheriklikni texnologik va innovatsion alyans bosqichiga olib chiqqan tarixiy voqelikdir.
Seul megapolisida Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon hamda Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilarining bir stol atrofida jam bo‘lishi mamlakatimiz rahbari ta’kidlaganidek, Buyuk ipak yo‘li davrlaridan boshlangan asriy ma’naviy-axloqiy yaqinlik va do‘stlik rishtalarining zamonaviy geoiqtisodiy voqelikdagi yorqin ifodasi bo‘ldi.
Hamkorlikning 5 ta strategik yo‘nalishi
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida mintaqa va Koreya o‘rtasidagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘taradigan 5 ta ustuvor strategik yo‘nalishni ilgari surdi:
Uzoq muddatli strategik rejalashtirish:
“Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi: jadal rivojlanish yo‘lidagi hamkorlik” konseptual qarashini va kelajak loyihalari portfelini shakllantirish.
Kibertahdidlarni barvaqt aniqlash va raqamli kelajak xavfsizligini ta’minlash.
Savdo-iqtisodiy va sanoat kooperatsiyasi:
2030-yilga borib o‘zaro savdo hajmini 20 milliard dollarga yetkazish.
Sanoat va savdo vazirlari platformasini ta’sis etish.
O‘zbekistonda “Markaziy Osiyo – Koreya” sanoat-texnologiya parkini tashkil etish hamda avtokomponentlar, elektrotexnika, farmatsevtika va kimyo sohalarida qo‘shma ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish.
Nodir minerallar bo‘yicha Mintaqaviy investitsiyaviy alyans:
Geologiya-qidiruvdan tortib xomashyoni chuqur qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq zanjirli sanoat klasterlarini barpo etish.
“Yashil” taraqqiyot va iqlim muvozanati:
Iqlim va uglerod hamkorligi bo‘yicha yangi formatni ishga tushirish, Koreyaning kam uglerodli texnologik yechimlarini mintaqaga keng joriy etish.
Inson kapitali va sun’iy intellekt:
Kadrlar tayyorlashda “buyurtma – o‘qitish – bandlik” tamoyilini joriy etish.
Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni rivojlantirishda yoshlar salohiyatidan keng foydalanish.

Raqamli kelajak va yuqori texnologiyalar tayanchi
Sammit davomida alohida urg‘u berilgan SI va yarimo‘tkazgichlar sanoati iqtisodiyotning yangi drayverlari sifatida belgilandi:
SI data-markazlari xabi (Qoraqalpog‘iston): SI texnologiyalari yaqin 5 yilda mintaqaning har bir mamlakati iqtisodiyotida kamida 10 milliard dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratish salohiyatiga ega. Shu munosabat bilan Qoraqalpog‘istonda "yashil" energiya va soliq-bojxona imtiyozlariga ega SI data-markazlari xabi tashkil etilmoqda.
Yarimo‘tkazgichlar markazi (Nurafshon): келажак texnologiyalari markazi negizida yarimo‘tkazgichlar, sanoat mikroelektronikasi va yangi materiallarni loyihalash va sinovdan o‘tkazish bo‘yicha qo‘shma markaz qurilmoqda.
Biofarmatsevtika klasteri: 3 milliard dollarlik bozor hajmiga ega farmatsevtika sohasida tadqiqotlar, klinik baza va ishlab chiqarishni birlashtiruvchi biofarmatsevtika klasteri tashkil etiladi.
Xalqlarimizni bog‘lab turgan ma’naviy rishtalar
Davlatimiz rahbari qayd etganidek, o‘zbek va koreys xalqlarini azaliy Buyuk ipak yo‘li, mehnatkashlik, keksalarga hurmat va ona zaminga mehr yakdil etadi. Ko‘pmillatli Markaziy Osiyo oilasining ajralmas qismiga aylangan koreys diasporasi bu mustahkam do‘stlik va o‘zaro hurmatning yorqin ramzidir.
Umumiy taraqqiyot va kelajakka tashlangan dadil qadam
Seul sammiti yakunlari shuni ko‘rsatdiki, Markaziy Osiyo va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi sheriklik oddiy savdo-sotiq yoki investitsiyaviy aloqalar doirasidan chiqib, Yevroosiyo qit’asining yangi texnologik va raqamli arxitekturasini shakllantirishga qaratilgan global raqobatbardosh alyansga aylanmoqda.
Global beqarorlik va global ta’minot zanjirlari qayta qayta ko‘rib chiqilayotgan hozirgi sharoitda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan 5 ta strategik yo‘nalish, xususan, nodir minerallarni chuqur qayta ishlash, sun’iy intellekt va yarimo‘tkazgichlar bo‘yicha qo‘shma xab va klasterlarni barpo etish tashabbuslari mintaqaning xomashyoga qaramligiga chek qo‘yishga xizmat qiladi. Bu Markaziy Osiyoni yuqori qo‘shilgan qiymat yaratuvchi global ishlab chiqarish va innovatsiya zanjirining ajralmas bo‘g‘iniga aylantirish maqsadini ifodalaydi.
Asriy Buyuk ipak yo‘li zaminida shakllangan ma’naviy-axloqiy yaqinlik, ko‘pmillatli oilamizning ajralmas qismi bo‘lgan koreys diasporasi va ikki xalqning mehnatsevarlik kabi mushtarak qadriyatlari ushbu bunyodkorlik platformasining mustahkam poydevoridir. Kelgusi yili diplomatik munosabatlarning 35 yilligi va koreys diasporasining mintaqamizda yashay boshlaganining 90 yilligi fonida bo‘lib o‘tadigan tadbirlar ushbu sheriklikning tarixiy va insonparvarlik mohiyatini yana bir bor namoyon etadi.
Biznes sammit va oliy darajadagi uchrashuvlar natijalari Markaziy Osiyoning demografik energiyasi va resurs boyliklari Janubiy Koreyaning texnologik hamda moliyaviy qudrati bilan uyg‘unlashganda umumiy kelajak, barqarorlik va yuksak farovonlikni ta’minlovchi yengilmas tarakqiyot modeli yuzaga kelishini yaqqol isbotladi.
Alouddin G‘afforov,
O‘zA