O‘zbekiston – Koreya sherikligi yangi bosqichda
Seulda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Koreya biznes forumi ikki mamlakat o‘rtasidagi vaqt sinovidan o‘tgan do‘stlik va alohida strategik sheriklik yangi bosqichga ko‘tarilayotganini yaqqol namoyon etdi. Davlatimiz rahbarining forumdagi nutqi esa milliy iqtisodiyotimizni modernizatsiya qilishning aniq yo‘l xaritasi sifatida e’tiborga molik. Ikki mamlakat imkoniyatlarini birlashtirish zamonaviy ishlab chiqarishlarni kengaytirish, ilm-fanni iqtisodiyotga yaqinlashtirish va malakali mehnatga talabni oshirish uchun yangi istiqbollar ochmoqda.
Forumda ikki mamlakat davlat tuzilmalari va ishbilarmon doiralarining 300 nafardan ziyod vakili ishtirok etdi. Ular orasida “Hyundai Motor Group”, “Samsung C&T”, “Lotte Chemical”, “Kia Corporation”, “Shinhan Financial Group” kabi jahonga mashhur kompaniyalar rahbarlari bor. Bu O‘zbekistonga bo‘lgan ishonchning amaliy ifodasidir. Bugun yirik sarmoyadorlar mamlakatimizni shunchaki savdo bozori sifatida emas, balki uzoq muddatli ishlab chiqarish va texnologik hamkorlik maydoni sifatida ko‘rmoqda.
Mamlakatimiz yetakchisi O‘zbekistonning tabiiy resurslari, inson kapitali va o‘sib borayotgan bozorini Koreyaning ilg‘or texnologiyalari, muhandislik tajribasi va jahon brendlari bilan uyg‘unlashtirishni taklif etdi. Koreys biznesi O‘zbekistonda shunchaki faoliyat yuritishga emas, balki yangi ishlab chiqarish quvvatlari, texnologiyalar va infratuzilmaga sarmoya kiritishga chorlanmoqda. Maqsad – yurtimizni mintaqadagi asosiy ishlab chiqarish, texnologik va eksport maydonlaridan biriga aylantirish.
Nutqdagi eng muhim g‘oya – shunchaki xomashyo eksport qilish emas, balki chuqur qayta ishlashdan tortib yuqori texnologiyali tayyor mahsulotgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish zanjirlarini yaratish. Yig‘uv ishlab chiqarishlaridan zamonaviy, to‘liq siklli klasterlarga o‘tish vazifasi ham shunga asoslanadi.
Bu yo‘nalish aniq ko‘rsatkichlarga tayanadi: muhim minerallar sohasida yaqin yillarda umumiy qiymati 4 milliard dollardan ortiq 120 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan; 2030-yilga qadar elektrotexnika sanoati hajmini 11 milliard dollarga, bu sohadagi eksportni esa 5 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.
Prezidentimiz ilm-fan va kadrlar tayyorlash sohasida ikki muhim tashabbusni ilgari surdi. Birinchisi – O‘zbekiston – Koreya muhandislarni tayyorlash yagona ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yish. Ikkinchisi – Koreya kompaniyalari, universitetlari va tadqiqot markazlarini o‘zbekistonlik hamkorlar bilan yagona tandemga birlashtirish. Texnologiyani sotib olish mumkin, ammo uni boshqaradigan, takomillashtiradigan va yangisini yaratadigan kadrlarni o‘zimiz tarbiyalashimiz zarur.
Intellektual mulk huquqiga ega yangi mahsulotlar yaratishga urg‘u berilgani ham bejiz emas. Bu mamlakatimizning ishlab chiqarish maydonidan g‘oya va yechimlar yaratuvchisiga aylanish yo‘lini belgilaydi.
Koreya kompaniyalariga misni qayta ishlash, elektrotexnika uskunalari ishlab chiqarish, avtomobil va elektromobil sanoati uchun butlovchi qismlarni mahalliylashtirish, robototexnika va avtomatlashtirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish taklif etildi. Bu loyihalar sanoatimizning texnologik darajasini sifat jihatidan oshirishga xizmat qiladi.
Biofarmatsevtika klasteri, energiyani saqlash tizimlari, gidroenergetika va “yashil iqtisodiyot” bo‘yicha takliflar har bir oilaga bevosita daxldor. Ular aholi salomatligi, sifatli va hamyonbop dori vositalari hamda ekologik xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Yangi Toshkentdagi ob’ektlar, aeroportlar, temir yo‘llar, avtomobil magistrallari va logistika markazlari bo‘yicha loyihalar esa hududlar o‘rtasidagi rivojlanish tafovutini qisqartirishga ko‘maklashadi.
“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi uchun iqtisodiy o‘sishning asosiy mezoni – uning inson hayotida aks etishidir. Mazkur hamkorlik, avvalo, malakali va munosib haq to‘lanadigan yangi ish o‘rinlari, hududlarda barqaror daromad manbalari, yoshlarimiz uchun o‘z yurtida istiqbol topish imkoniyati demakdir. Zotan, xomashyo sotadigan iqtisodiyot ozchilik manfaatiga, qayta ishlaydigan iqtisodiyot esa ko‘pchilikning farovonligiga xizmat qiladi. Bu ijtimoiy adolat tamoyilining iqtisodiyotdagi ifodasidir.
Ozoda Parpiboyeva,
O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi o‘rinbosari, O‘zA