O‘zbekiston ot sporti tarixida muhim voqea
Germaniyaning Aaxen shahridagi jahon chempionati ot sporti tarixida O‘zbekiston uchun yangi sahifa ochdi.
Germaniyaning Aaxen shahrida ot sportining konkur yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Musobaqada dunyoning eng kuchli chavandozlari jahon chempionligi uchun bahs olib bordi.
Ushbu chempionat O‘zbekiston ot sporti vakillari uchun ham alohida ahamiyat kasb etdi. Mamlakatimiz sharafini mazkur nufuzli musobaqada ilk bor ikki nafar sportchi — Bekzod Qurbonov va Abdurahmon Abdullayev himoya qildi. Bekzod Qurbonov “Matts VG”, Abdurahmon Abdullayev esa “Caballone” laqabli otlar bilan bahslarda ishtirok etdi. Vakillarimizning jahon chempionatida maydonga chiqishi xalqaro miqyosdagi muhim tajriba bo‘ldi.
Musobaqa dasturida balandligi 165 santimetrgacha bo‘lgan to‘siqlardan sakrashni o‘z ichiga olgan murakkab yo‘nalishlar bo‘yicha bahslar o‘tkazildi. Sportchilar nafaqat shaxsiy mahorat, balki ot bilan o‘zaro uyg‘unlik va aniq harakatlarni ham namoyish etdi.

Chempionatning yakuniy natijasiga ko‘ra, Shveysariya vakili Stiv Gerda “Dynamix de Belheme” laqabli oti bilan jahon chempioniga aylandi. Belgiyalik Tibo Spits “Impress-K van’t Kattenheye Z” nomli tulporida kumush medalga sazovor bo‘ldi. Buyuk Britaniya vakili Garri Charlz esa “LT Holst Freda” laqabli oti bilan bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA