Davlatimiz rahbarining 2024 yil 4 dekabrdagi “Jamoaviy sport turlarini rivojlantirish va iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida tadbirkorlik sub’ektlarini sportga jalb qilish va ular o‘rtasida musobaqalar o‘tkazilishini tizimli tarzda yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston korporativ sport assotsiatsiyasini tashkil etish belgilangan edi.
O‘tgan davr mobaynida mazkur yo‘nalishdagi vazifalarni tartibga keltirish, ommaviy musobaqalarni o‘tkazish borasida bir qator ishlar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, ko‘p hollarda korporativ sportni rivojlantirish va ommalashtirish masalasidagi ayrim yo‘nalishlar e’tibordan chetda qolib ketayotgandi.

Tadbirkorlik sub’ektlarida o‘tkazilayotgan sport tadbirlari tizimli o‘tkazilmasligi, tashkiliy va texnik jihatlari yetarli bo‘lmaganligi sababli ularda mehnat qilayotgan ko‘plab iqtidorli yoshlar seleksion musobaqalar bilan qamrab olinmayotgandi. Boshqacha aytganda, harakatlar bir maqsad sari yo‘naltirilmagan edi.
Davlat va xususiy sektor vakillari, sport tashkilotlari rahbarlari hamda 170 ming nafarga yaqin xodimlarni band qilgan 200 dan ortiq tadbirkorlar ishtirokida O‘zbekiston korporativ sport assotsiatsiyasini tashkil etishga bag‘ishlangan yig‘ilishda shu haqda so‘z bordi.

Bildirilgan fikrlar, takliflar asosida Savdo-sanoat palatasi raisi D.Vahobov O‘zbekiston korporativ sport assotsiatsiyasi raisi, "AKFA GROUP" asoschisi J. Ortiqxo‘jayev raisining birinchi o‘rinbosari, "International Beverages Tashkent" MCHJ XK direktorlar kengashi raisi Sh.Ergashev rais o‘rinbosari, Sh.Sattorov ijrochi direktor etib saylandi.
Uchrashuvda korporativ sportni rivojlantirish va ommalashtirish, assotsiatsiya tomonidan tadbirkorlar o‘rtasida sport musobaqalarini tizimli tashkil etish asnosida mahoratli yoshlarni saralash lozimligi ta’kidlandi.

T. Ro‘ziyev, O‘zA