Butunjahon korporativ sport federatsiyasi bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda
Fransiya poytaxti Parij shahrida o‘tkazilgan Butunjahon korporativ sport federatsiyasi (World Federation for Company Sport)ning kengaytirilgan yig‘ilishi dorisida o‘tkazilgan uchrashuvlarda O‘zbekiston jamoalarining Butunjahon korporativ sport o‘yinlaridagi ishtirokini ta’minlash, xalqaro korporativ sport tadbirlarini mamlakatimizda o‘tkazish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
World Federation for Company Sport prezidenti Dide Besseyre bilan O‘zbekiston korporativ sport assotsiatsiyasi ijrochi direktori Sherzod Sattorov o‘rtasidagi muloqot jarayonida xalqaro hamkorlikni kengaytirish va milliy korporativ sport tizimini yurtimizda yangi bosqichga olib chiqish haqida so‘z bordi.
Shuningdek, mamlakatimizda korporativ sport bo‘yicha sa’y-harakatlarni izchil davom ettirish asnosida Osiyo korporativ sport konfederatsiyasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, mintaqadagi milliy federatsiyalar hamkorligini mustahkamlash va ushbu yo‘nalishdagi tashkiliy ishlarni jadallashtirish takliflari ilgari surildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA