O‘zbekiston – Koreya: taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik
Mamlakatimiz Prezidentining Seulga davlat tashrifining o‘ziga xos jihatlari
Mamlakatimiz Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi O‘zbekiston – Koreya munosabatlarini yanada mustahkamlash, ularni yangi amaliy mazmun bilan boyitish hamda Markaziy Osiyo va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlikni yuqori siyosiy darajaga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Tashrif doirasida o‘tkazilgan oliy darajadagi muzokaralar, yetakchi koreys kompaniyalari va moliyaviy institutlari rahbarlari bilan uchrashuvlar va eng muhimi, birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammiti Seul bilan ham ikki tomonlama, ham mintaqaviy sheriklikning yangi ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Seul shahrida o‘tkazilgan oliy darajadagi muzokaralar yakunlari O‘zbekiston – Koreya munosabatlarining amaliy mazmuni tobora kengayib borayotganini ko‘rsatdi. Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan salmoqli hujjatlar qabul qilindi.
Shuningdek, tashrifning muhim voqealaridan biri Prezident Sh.Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Bosh vaziri Xan Son Suk ishtirokida o‘tkazilgan O‘zbekiston - Koreya qo‘shma biznes forumi bo‘ldi. Unda ikki mamlakat davlat tuzilmalari va ishbilarmon doiralarining 300 nafardan ziyod vakili, jumladan, Koreyaning yetakchi moliya institutlari va yirik sanoat kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi. Forumda o‘zaro savdoni oshirish, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari asosiy e’tibor markazida bo‘ldi.
O‘zbekistonning resurs va ishlab chiqarish salohiyatini Koreyaning ilg‘or texnologiyalari va investitsiyaviy imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirishga ustuvor ahamiyat berildi. Sanoat kooperatsiyasi va to‘liq ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish, energetika va “yashil iqtisodiyot”, transport infratuzilmasi, raqamlashtirish va sun’iy intellekt, yarimo‘tkazgichlar va mikroelektronika, biotexnologiya va farmatsevtika istiqbolli yo‘nalishlar sifatida belgilandi. Bu yondashuv tayyor mahsulot va texnologiyalarni jalb qilishdan mahalliy ishlab chiqarish, texnologik kooperatsiya va yuqori qo‘shilgan qiymat yaratishga o‘tishni nazarda tutadi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston – Koreya sanoat-texnologik alyansini tashkil etish tashabbusi alohida ahamiyatga ega. Mazkur tashabbus ikki mamlakatning sanoat va texnologik imkoniyatlarini birlashtirish, istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan.
Tashrif doirasida Prezident Sh.Mirziyoyevning Koreya Respublikasida mehnat qilayotgan va tahsil olayotgan vatandoshlarimiz bilan uchrashuvi muhim ahamiyat kasb etdi. Uchrashuv xorijda bilim, tajriba va professional salohiyat to‘plagan vatandoshlarni mamlakat taraqqiyotiga keng jalb etishga qaratilayotgan e’tiborning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Tashrifning muhim voqeasi Seul shahrida ilk bor davlat rahbarlari darajasida o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammiti bo‘ldi. Mazkur Sammit qariyb yigirma yil davomida shakllangan mintaqalararo muloqotni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi. 2007-yilda “Koreya – Markaziy Osiyo” hamkorlik forumi tashkil etilganidan buyon siyosiy, iqtisodiy, parlamentlararo, ishbilarmonlik va gumanitar sohalarni qamrab olgan ko‘p bosqichli aloqalar tizimi shakllandi. Muloqotning davlat rahbarlari darajasiga ko‘tarilishi esa tomonlarning uzoq muddatli va strategik sheriklikni yanada rivojlantirishga bo‘lgan o‘zaro intilishini namoyon etdi.
Sammitda Davlatimiz rahbari hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitishga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi: jadal rivojlanish yo‘lidagi hamkorlik” uzoq muddatli konseptual qarashini ishlab chiqish, sanoat va savdo vazirlari uchrashuvlari platformasini tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash, O‘zbekistonda “Markaziy Osiyo – Koreya” sanoat-texnologik parkini barpo etish, muhim minerallar bo‘yicha Mintaqaviy investitsiya alyansini shakllantirish, Markaziy Osiyo va Koreya o‘rtasida iqlim va uglerod hamkorligi bo‘yicha formatni ishga tushirish hamda inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli hamkorlikni kuchaytirish taklif etildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan mazkur tashabbuslar Markaziy Osiyo va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlikni aniq amaliy loyihalar bilan boyitish, zamonaviy texnologiyalar va investitsiyalarni keng jalb etish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish hamda mintaqaning iqtisodiy va texnologik salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Tashrif davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” biznes sammitida ishtirok etdi. Mazkur sammit Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish, yangi investitsiya loyihalarini shakllantirish hamda sanoat-texnologik kooperatsiyani rivojlantirish uchun muhim amaliy maydon bo‘ldi.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, mamlakatimiz Prezidentining Koreya Respublikasiga davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlar tarixida muhim voqea bo‘lib, O‘zbekiston – Koreya alohida strategik sherikligini yanada mustahkamlash va uni yangi amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qildi. Shu bilan birga, birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammiti mintaqalararo hamkorlikni yangi strategik darajaga olib chiqib, uzoq muddatli sheriklikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.
F.Muxitdinova,
Xalq deputatlari Mirobod tuman Kengashi deputati