Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi: hamkorlikning strategik modeli va yangi taraqqiyot bosqichi
Joriy yilning 16-sentabr kuni Seul shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” birinchi sammitida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev uzoq muddatli konseptual “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi: ilg‘or rivojlanish hamkorligi” qarashni ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi.
O‘zA muxbiri mazkur tashabbusning mazmun-mohiyati, uning mintaqamiz va Janubiy Koreya o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishdagi ahamiyati hamda o‘lkamiz uchun ochib beradigan yangi imkoniyatlar xususida Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) bosh ilmiy xodimi Nozimabonu Mansurova fikrlarini yozib oldi.

– Ta’kidlash kerakki, mazkur tashabbus hamkorlikni yanada uzoq muddatli rejalashtirishga o‘tish zaruratidan kelib chiqmoqda. Davlatimiz rahbarining so‘zlariga ko‘ra, sun’iy intellekt mehnat bozori butun boshli sanoat tarmoqlarini o‘zgartirmoqda, iqlim va suv bilan bog‘liq xavf-xatarlar o‘n yilliklar oldinga mo‘ljallangan yechimlarni talab etmoqda, mamlakatlar ta’lim, infratuzilma, texnologiyalar hamda inson kapitaliga nisbatan yangi talablar qarshisida turibdi. Bunday sharoitda taklif etilayotgan hamkorlik modeli mintaqa mamlakatlariga istiqbolda qanday kompetensiyalar, ishlab chiqarish quvvatlari, infratuzilma va mutaxassislar kerak bo‘lishini oldindan aniqlashga hamda ularni bugundanoq shakllantirish uchun sharoit yaratishga imkon beradi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “zamonaviy dunyodagi global o‘zgarishlar sur’ati davlatlarning unga moslashish imkoniyatidan tobora ilgarilab ketmoqda”. Davlatimiz rahbari taklifiga ko‘ra, belgilangan vazifani amalga oshirishning amaliy vositasi Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koreya uchun yangi o‘sish manbalari hamda uzoq muddatli imkoniyatlarni yaratishga qodir istiqbolli tashabbuslarni o‘z ichiga olgan Ilg‘or rivojlanish loyihalari portfeli shakllantirilishi lozim.
Taklif etilayotgan yondashuv aniq iqtisodiy asosga ham ega. Bugungi kunda mintaqa mamlakatlarida 80 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi, ularning umumiy yalpi ichki mahsuloti esa $500 milliarddan oshgan. Janubiy Koreya esa qariyb $1,9 trillion hajmdagi Osiyoning texnologik jihatdan eng rivojlangan iqtisodiyotlaridan biri bo‘lib, tadqiqot va ishlanmalarga sarflanadigan xarajatlar darajasi bo‘yicha dunyo yetakchilari qatoriga kiradi. Shu tariqa, gap bir-birini to‘ldiruvchi ikki salohiyatni uyg‘unlashtirish haqida bormoqda: bir tomondan, Markaziy Osiyoning o‘sib borayotgan bozori va ishlab chiqarish bazasi, ikkinchi tomondan esa Koreyaning texnologik, investitsiyaviy va muhandislik salohiyati.
Taklif etilgan tashabbusni amalga oshirish uchun mustahkam asos mavjud. Qariyb yigirma yillik hamkorlik davomida mamlakatlar o‘rtasida barqaror institutsional baza shakllandi. “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” forumi 2007-yildan buyon Seulning mintaqamiz davlatlari bilan hamkorligini ta’minlovchi yillik ko‘p tomonlama mexanizm sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. 2017-yilda uning doimiy Kotibiyati rasman ishga tushirildi. Kotibiyat hamkorlik dasturlarini amalga oshirish, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlarining hukumat tuzilmalari va hamkor tashkilotlari bilan muvofiqlashtirish ishlarini olib boradi. Shu davr mobaynida hamkorlik dastlabki siyosiy muloqot doirasidan ancha tashqariga chiqdi. Iqtisodiy, parlamentlararo, ekspert va gumanitar yo‘nalishlar shakllandi. 2024-yilda esa Koreya Respublikasi hamkorlikka qo‘shimcha iqtisodiy va strategik mazmun baxsh etgan “K-Silk Road” tashabbusini ilgari surdi.
Shu nuqtai nazardan, davlat rahbarlari darajasidagi birinchi sammitda ilgari surilgan tashabbuslarni to‘plangan tajribaning mantiqiy davomi sifatida baholash mumkin.
O‘zbekiston yetakchisi kelgusidagi loyihalar portfelining tarkibiy qismlariga aylanishi mumkin bo‘lgan bir qator amaliy mexanizmlarni taklif etdi. Ular qatorida “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sanoat-texnologik parkini tashkil etish, 2030-yilgacha o‘zaro savdo hajmini $20 milliardga yetkazish, strategik muhim minerallar sohasida mintaqaviy investitsiya platformasini shakllantirish, iqlim va uglerod bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, “buyurtma – tayyorlash – ishga joylashtirish” tamoyili asosida kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish bor. Istiqbolda ushbu tashabbuslarning barchasi bir-birini to‘ldirib, uzoq muddatli hamkorlikning yagona modeli tarkibiy qismlari sifatida faoliyat yuritishi mumkin.
Yurtimiz uchun bu ayniqsa, Koreya bilan munosabatlarning shakllanib bo‘lgan iqtisodiy bazasini hisobga olganda o‘ta dolzarbdir. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar-iyul oylarida ikki o‘lka o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1,1 milliard dollarni tashkil etgan. Diyorimizda Janubiy Koreya kapitali ishtirokidagi 730 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda, yanvar-iyun oylarida esa asosiy kapitalga kiritilgan Koreya investitsiyalari va kreditlari 216,4 million dollarni tashkil etdi. Bu Toshkent uchun yangi formatdan avvalo, mavjud hamkorlikni alohida korxona va loyihalar darajasidan yirikroq ishlab chiqarish, texnologik va eksport zanjirlariga kengaytirish maqsadida foydalanish imkonini anglatadi.
Bunday yondashuv iqtisodiyotni o‘sishning texnologik va innovatsion modeliga o‘tkazish, yanada yuqori qo‘shilgan qiymatga ega ishlab chiqarishlarni rivojlantirish hamda mamlakatning global ishlab chiqarish zanjirlaridagi mavqeyini mustahkamlashni nazarda tutuvchi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi vazifalariga bevosita mos keladi.
Umuman olganda, “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi: ilg‘or rivojlanish hamkorligi” konsepsiyasi mintaqaviy muloqotni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan uzoq muddatli yondashuvdir. U mintaqamizning iqtisodiy va inson salohiyatini Koreya Respublikasining texnologik, investitsiyaviy va innovatsion imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qiladi.
O‘.Alimov, O‘zA