O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi 80 yoshda
Poytaxtimizdagi “Renessans” kino uyida “O‘zarxiv” agentligi tomonidan O‘zbekistonda arxiv tizimi tashkil topganining 104 yilligi va O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi tashkil etilganining 80 yilligi munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, Turkiston o‘lkasi va O‘zbekiston Respublikasining kino, foto va fono hujjatlari uzoq tarixiy yo‘lni bosib, hozirgi davrgacha yetib keldi.

Endilikda, ularni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylab kelgusi avlodga meros qoldirish bizning sharafli vazifamizdir.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi direktori Ulug‘bek Yusupov hamda Kinematografiya agentligi direktori o‘rinbosari Shuhrat Rizayev kirish so‘zi bilan ochdi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Kinematografiya agentligi tomonidan taniqli ijodkor Ali Hamroyev rejissyorligida tayyorlangan “Mangu lahzalar” hujjatli filmining taqdimoti o‘tkazildi.

Mazkur filmdagi qiziqarli kadrlar orqali arxivning kecha va bugungi kuni, unda saqlanayotgan o‘ta noyob, benihoya qiziqarli kino, foto, ovozli hujjatlar haqida ma’lumot olish mumkin. Film o‘zbek tilida tayyorlanib, rus tiliga dublyaj qilingan va ingliz tilida subtitr qilingan.
Shuningdek, “O‘zarxiv” agentligi tomonidan “O‘zbekiston” nashriyotida chop etilgan maxsus kitob-albomning taqdimoti bo‘ldi.

Adliya vazirligi, “O‘zarxiv” agentligi, Kinematografiya agentligi tizim tashkilotlari rahbarlari, xodimlari, taniqli kino, san’at, teatr namoyondalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalistlar ishtirok etgan tadbirda O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi faxriylari hamda Kinematografiya agentligi xodimlari “O‘zarxiv” agentligi tomonidan mukofotlandi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA