Jurnalistik ta’lim: amaliyot, islohot va istiqbol
Mamlakatimizda axborot texnologiyalarining jadallik bilan taraqqiy etishi bugun bevosita internet va ijtimoiy tarmoqlar bilan bog‘liq, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Hozirgi kunda internet va ijtimoiy tarmoqlar tezkorligi, auditoriyasi va ta’sir doirasi kengligi bilan boshqa ommaviy axborot vositalaridan ajralib turadi. Xususan, buni internetning o‘zbek segmentidagi axborot saytlarining soni yildan yilga ortib borayotganida ham ko‘rish mumkin.
Darhaqiqat, bugungi raqamli asrda yangi tendensiyalar paydo bo‘layotgani hech birimizga sir emas. Bunday vaziyatda yangilanishlarga tez moslasha oladigan, qobiliyatli, dunyoqarashi keng, professional jurnalist kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj ham ortmoqda. Hozirjavob va kreativ fikrlovchi kadrlar, jumladan, professional jurnalistlarni tayyorlashda esa Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti faoliyati muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Universitet 2018 yil 24 may kuni rasman ochilgan. O‘tgan davrda yosh universitet katta marralarni zabt etdi. Ayni paytda bu dargohda 6 ming nafar talaba tahsil olmoqda. Onlayn mediadagi bugungi ehtiyojdan kelib chiqib universitetda 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab Internet jurnalistika va ijtimoiy tarmoqlar fakulteti hamda uning qoshida “Raqamli media va internet jurnalistika” kafedrasi ish boshladi. Shuningdek, bugungi raqamli asrda marketing va iqtisodiy jurnalistikada yangi tendensiyalar paydo bo‘lmoqda. Bunday vaziyatda yangilanishlarga tez moslasha oladigan, qobiliyatli, dunyoqarashi keng, professional iqtisodchi, jurnalist, marketolog kabi kadrlarga ehtiyoj ortmoqda. O‘zJOKUda 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab faoliyat yuritayotgan “Mediamenejment va mediamarketing” kafedrasi iqtisodiyot va media olamda ehtiyoj ko‘p bo‘lgan bunday kadrlarni tayyorlashga xizmat qilmoqda.
“Mediamarketing va reklama”, “Mediamenejment”, “Iqtisodiy jurnalistika” hamda “Mediadizayn” yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarga xalqaro standartlar asosida yaratilgan bir qator zamonaviy fanlar doirasida ham nazariy, ham amaliy bilim berilyapti.
Universitetning xalqaro hamkorlik dasturlari doirasida bir qator nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan o‘quv jarayonini tashkil etish yo‘lga qo‘yilgan. Aynan shu xalqaro hamkorlik doirasida joriy o‘quv yilidan “Raqamli media va internet jurnalistika” hamda “Mediamenejment va marketing” kafedralarida Amerikaning Texac universiteti professori Raviprakash Dani dars jarayonlariga jalb etildi. Bundan tashqari, har bir yo‘nalish kesimida amaliyotchilar tomonidan muntazam ravishda mahorat darslari o‘tkazib boriladi. Darslarga O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA, “Anadolu” axborot agentligi, “Kun.uz”, “Gazeta.uz”, Nur.uz nashrlari muxbir va muharrirlari jalb etiladi.

Marketing va dizayn yo‘nalishida ham soha mutaxassislari bilan doimiy amaliy mahorat darslari tashkil etib boriladi. Aynan shu hamkorliklar doirasida fakultet talabalari respublikamizda eng ko‘zga ko‘ringan - O‘zA, “Dunyo” axborot agentliklari, “Kun.uz”, “Daryo.uz”, “Uz24.uz”, “Anhor.uz”, “Xabar.uz”, “Qalampir.uz” kabi internet nashrlari hamda “Promeat”, “PDP University”, “Asaxiy Books”, “Sevimli TV” kabi korxona va tashkilotlarda amaliyot mashg‘ulotlarini o‘tamoqda. Eng ahamiyatli jihati shundaki, talabalarning 80 foizi amaliyot o‘tash jarayonida o‘z ish o‘rniga ham ega bo‘lmoqda.
Internet jurnalistika va mediamenejment fakulteti “Raqamli media va internet jurnalistika” kafedrasi qoshida tashkil etilgan fotolaboratoriya, ZarraLab multimedia laboratoriyasi, Medium hamda “Yosh marketologlar” to‘garaklari talabalarning malaka va ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qilmoqda.
2024-2025 o‘quv yildan boshlab “Sun’iy intellekt integratsiyasi” va “Mediada yangi trendlar” fanlarini o‘qitish yo‘lga qo‘yilmoqda. Yangi o‘quv yilidan esa Internet jurnalistika va mediamenejment fakultetini yanada kengaytirish maqsadida yangi ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tashkil etishni rejalashtirganmiz. Menejment, ya’ni boshqaruv sohasining o‘zi katta tarmoq hisoblangani bois uning har bir yo‘nalishida kadr tayyorlash ham maqsad qilingan. Ayni vaqtda fakultetning har bir yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, xorijiy talabalar safini kengaytirish, akadem mobillik bo‘yicha talabalarni universitetga jalb etish borasida alohida ishlash mexanizmi tashkil etilgan.
O. Zokirova,
O‘zJOKU Internet jurnalistika va
mediamenejment fakulteti dekani, f.f.f.d (PhD) dotsent,
O‘zA