O‘zbekiston - Janubiy Koreya: strategik hamkorlik yangi bosqichda
Ma’lumki, Janubiy Koreya O‘zbekitonning eng muhim hamkori, savdo sheriklaridan biri hisoblanadi. So‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar son va sifat jihatidan yangi bosqichga chiqmoqda.
Buning amaliy ifodasi sifatida yurtimizning ushbu o‘lka bilan ikki tomonlama savdo hajmi 2025-yilda 1.7 milliard dollarni tashkil etgani va bu umumiy tashqi savdo aylanmasining 2.1 foiz ulushiga ega ekanligida ham ko‘rish mumkin. Bu ko‘rsatkich bilan Koreya O‘zbekistonning beshta eng yirik savdo hamkorlaridan biri sifatida mustahkam o‘rnini saqlab turibdi.
Yaqinda Samarqand shahrida Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi o‘tkazildi. Ushbu yig‘in doirasida davlatimiz rahbari Koreya Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Ku Yun Chxol boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston Prezidenti Janubiy Koreya bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
O‘zA muxbiri ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar xususida TDSHU Iqtisodiyot va menejment kafedrasi o‘qituvchisi Shohrux Mardonov fikrlarini yozib oldi.
- Respublikamiz Markaziy Osiyo davlatlari orasida Janubiy Koreyaning muhim savdo sherigidir. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo iqtisodiy aloqalar yildan yilga rivojlanib bormoqda. Masalan, joriy yil boshidan tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilga nisbatan 12 foizga o‘sdi.
Diyorimizda Janubiy Koreya bilan qo‘shma korxonalar soni mingtaga yetdi, investitsiyalarning hajmi esa 8 mlrd dollardan oshdi. Janubiy Koreya kimyo, to‘qimachilik, qishloq xo‘jjaligi, energetika, konchilik, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida Korea “Eximbank” moliyalashtirgan loyihalar orqali shu paytgacha yurtimizga jami 2 milliarddan ortiq sarmoya kiritdi. Ko‘p tarmoqli klinika, kimyo markazi va farmatsevtika parki qurilishi davom etmoqda. Shu kunlarda Toshkent - Xiva yo‘nalishida birinchi “Hyundai Rotem” poyezdi qatnay boshladi.
O‘zbekiston-Koreya hamkorligi statistik ko‘rsakichlar nuqtai nazaridan so‘nggi 5 yilda “hajm o‘sishi” bosqichidan “sifat o‘zgarishi” bosqichiga o‘tganini alohida ta’kidlash lozim. Avvalgi infratuzilma va sog‘liqni saqlash loyihalaridan hozirgi yuqori texnologiyalar, yarim o‘tkazgichlar va raqamlashtirish sohasidagi hamkorlikka o‘tish - O‘zbekistonning strategik rejalariga to‘liq mos ekanligini anglatadi.
Umuman olganda, Vatanimiz iqtisodiy jihatdan yanada rivojlanishi uchun Janubiy Koreya bilan hamkorlik muhim omillardan biri bo‘lib qoladi va ikki davlatning o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalari yanada yuqori bosqichga chiqishda davom etadi.
O‘zA muxbiri Go‘zal Sattorova yozib oldi.