O‘zbekiston ilk bor Xalqaro informatika olimpiadasiga mezbonlik qiladi
2026-yil 9–16-avgust kunlari Toshkent ilk bor maktab o‘quvchilari o‘rtasida dasturlash va algoritmlar bo‘yicha dunyodagi eng nufuzli intellektual musobaqalardan biri - Xalqaro informatika olimpiadasi (International Olympiad in Informatics — IOI) ga mezbonlik qiladi.
IOI 2026 homiylaridan biri sifatida Ucell ushbu olimpiadani qo‘llab-quvvatlamoqda. Olimpiadani qo‘llab-quvvatlash kompaniyaning axborot texnologiyalari, raqamli ta’lim va O‘zbekistonning texnologik salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslardagi ishtirokining mantiqiy davomidir.
O‘zbekiston Xalqaro informatika olimpiadasini o‘tkazish huquqini 2023-yilda IOI xalqaro qo‘mitasi qaroriga ko‘ra qo‘lga kiritgan. Joriy yilda olimpiadada ishtirok etish uchun 97 ta mamlakatdan 745 nafar vakil ro‘yxatdan o‘tgan. Mehmonlar bilan birgalikda Olimpiada ishtirokchilarining umumiy soni 800 - 900 nafarga yetishi kutilmoqda.
Toshkentga informatika va dasturlash bo‘yicha kuchli maktablarga ega davlatlar, jumladan AQSH, Xitoy, Yaponiya, Germaniya, Buyuk Britaniya va Janubiy Koreya vakillari tashrif buyuradi. Sakkiz kun davomida O‘zbekiston poytaxti dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan yosh dasturchilar, murabbiylar va ekspertlar uchrashadigan xalqaro maydonga aylanadi.
IOI 2026ning O‘zbekistonda o‘tkazilishi alohida ramziy ahamiyatga ega. Dunyoning eng kuchli yosh dasturchilari “algoritm” atamasining kelib chiqishi buyuk alloma Muhammad al-Xorazmiy nomi bilan bog‘liq bo‘lgan yurtda jam bo‘ladi. Bugungi kunda mamlakatning boy ilmiy merosi zamonaviy raqamli texnologiyalar, IT-ta’lim va yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash orqali o‘z davomiyligini topmoqda.
Ilk medallardan o‘z uyimizdagi Olimpiadagacha
O‘zbekiston ilk bor 2015-yilda Xalqaro informatika olimpiadasida ishtirok etgan. 2025-yilgacha bo‘lgan davr mobaynida mamlakat vakillari olimpiadada 11 marta qatnashib, 1 ta kumush, 4 ta bronza medal hamda 4 ta faxriy diplomni qo‘lga kiritgan.
Milliy terma jamoa natijalari yildan-yilga yaxshilanib bormoqda. 2023-yilda o‘zbekistonlik o‘quvchilar ikkita bronza medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Boliviyada o‘tkazilgan IOI 2025 musobaqasida mamlakat tarixidagi ilk kumush medal, shuningdek, bronza medalni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
O‘zbekiston sharafini sakkiz nafar o‘quvchi himoya qiladi
Milliy terma jamoaning IOI 2026ga tayyorgarligi 2025-yil noyabr oyidan boshlangan. Qozog‘iston, Polsha va Ruminiyadan jalb etilgan xalqaro ekspertlar ishtirokida o‘nga yaqin o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari tashkil etildi. Ishtirokchilar algoritmik fikrlash, murakkab masalalarni yechish hamda musobaqa sharoitida ishlash ko‘nikmalarini takomillashtirdilar.
Tayyorgarlik yig‘inlarida mamlakatning turli hududlaridan 100 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. Milliy saralash yakunlariga ko‘ra, eng kuchli sakkiz nafar ishtirokchi aniqlandi.
Birinchi jamoa tarkibiga Jahongir Shoh Avazxonov, Timur Qodirbergenov, Jahonali Haydaraliyev va Ulug‘bek Rahmatullayev kirdi.
Ikkinchi jamoa tarkibida esa Sardor Salimov, Humoyun Abduraupov, Ulug‘bek Kamalov va Ravshan Rahmiddinov ishtirok etadi.
Terma jamoa tarkibi Namangan va Navoiy viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Toshkent shahri vakillaridan shakllangan. Ishtirokchilar Prezident maktablari, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktab, Vestminster litseyi va TATU akademik litseyida tahsil olmoqda.
IOI 2026ning asosiy tadbirlari CAEx majmuasida bo‘lib o‘tadi. Musobaqalardan tashqari, sakkiz kunlik dastur ilmiy-ta’limiy va madaniy tadbirlar, shuningdek, ekskursiyalarni ham o‘z ichiga oladi.
Xalqaro informatika olimpiadasining ilk bor O‘zbekistonda o‘tkazilishi mamlakatning texnologik va ta’lim hamjamiyati uchun muhim voqeadir. IOI 2026 yosh dasturchilarga dunyoning eng kuchli o‘quvchilari bilan bellashish, tajriba almashish va axborot texnologiyalari sohasidagi kasbiy rivojlanishning yangi istiqbollarini ko‘rish imkonini beradi.
Ucell uchun IOI 2026ni qo‘llab-quvvatlash yosh iste’dodlar o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi, yangi bilimlarni egallashi va xalqaro texnologik hamjamiyatning bir qismiga aylanishi uchun qulay muhit yaratishga hissa qo‘shish imkoniyatidir. Kompaniya ana shunday ta’lim va texnologik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash orqali mamlakatda IT yo‘nalishi va raqamli salohiyatni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.