O‘zbekiston global hamkorlikni mustahkamlamoqda
Joriy yilning 23-aprel kuni YUNESKO Ijroiya kengashining 224-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tarixiy tashabbusi – 19-noyabr sanasini Xalqaro hujjatli meros kuni deb e’lon qilish to‘g‘risidagi taklifi bir ovozdan ma’qullandi. Ushbu tashabbus hujjatli merosni asrash sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va gumanitar kun tartibini ilgari surish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Hujjatli meros – qo‘lyozmalar, arxivlar, kutubxona fondlari, audiovizual materiallar va raqamli yozuvlar insoniyatning jamoaviy xotirasi va merosining muhim poydevoridir. U asrlar davomida bilimlar, ijodiy faoliyat natijalari hamda jamiyatlarning o‘ziga xosligini saqlashni ta’minlaydi. Shuningdek, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, ta’limni qo‘llab-quvvatlash va faktlarga asoslangan siyosatni ishlab chiqishga xizmat qiladi.
YUNESKO Ijroiya kengashining mazkur qarori bir ovozdan qabul qilingani alohida ahamiyatga ega. Tashabbus dunyoning barcha mintaqalaridan bo‘lgan YUNESKOga a’zo 66 ta davlat tomonidan hammualliflik asosida qo‘llab-quvvatlandi. Ular orasida Tashkilot Ijroiya kengashining 58 nafar a’zosidan 32 tasi ham bor. Bunday keng geografik va siyosiy qo‘llab-quvvatlash hujjatli merosni xalqlarning tarixiy xotirasi va madaniy o‘ziga xosligining asosi sifatida saqlash muhimligi yuzasidan umumiy tushuncha shakllanganini ko‘rsatadi.
YUNESKOning belgilangan tartib-taomillariga muvofiq, Xalqaro hujjatli meros kunini rasman e’lon qilish marosimi YUNESKO Bosh konferensiyasining 2027-yil noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan 44-sessiyasida amalga oshiriladi.
Bugungi kunda dunyo hujjatli merosni saqlash borasida misli ko‘rilmagan tahdid va chaqiriqlarga duch kelmoqda. Bular qatoriga texnologiyalarning tez eskirishi, resurslar yetishmasligi, iqlim o‘zgarishi oqibatlari hamda tabiiy ofatlar kiradi. Ko‘plab hujjatli meros to‘plamlari moliyaviy va texnik resurslarning cheklanganligi, raqamlashtirish darajasining pastligi hamda tabiiy ofatlar ta’siri sabab yo‘qolib ketish xavfi ostida qolmoqda.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi ochilish marosimida Xalqaro hujjatli meros kunini ta’sis etish tashabbusi ilgari surildi. Ushbu taklifning asosiy maqsadi mazkur muammolarga jahon hamjamiyati e’tiborini jalb qilish, xalqaro hamkorlikni rag‘batlantirish hamda arxivlar, kutubxonalar va audiovizual kolleksiyalarni saqlash va raqamli transformatsiya qilish sohasida davlatlarning salohiyatini mustahkamlashdan iborat.
Xalqaro kun sanasi bejiz tanlanmagan. Aynan 1992-yil 19-noyabr kuni insoniyatning hujjatli merosini saqlash bo‘yicha YUNESKOning asosiy mexanizmi hisoblangan «Jahon xotirasi» dasturi ta’sis etilgan.
O‘zbekiston tashabbusi YUNESKOning barqaror va inklyuziv bilimlar jamiyatini shakllantirishga qaratilgan strategik ustuvor yo‘nalishlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, u YUNESKOning 2015-yilda qabul qilingan hujjatli merosni saqlash va undan foydalanish bo‘yicha Tavsiyalarini amalga oshirishga xizmat qiladi hamda «Jahon xotirasi» dasturining nufuzi va samaradorligini yanada oshiradi.
Yangi xalqaro kunning ta’sis etilishi davlatlar va YUNESKO o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, yoshlar, ilmiy jamoatchilik va keng aholi qatlamlarining hujjatli merosni asrash va targ‘ib qilish ishlaridagi ishtirokini faollashtirish imkonini beradi.
Mamlakatimiz boy va xilma-xil hujjatli merosga ega bo‘lib, YUNESKOning «Jahon xotirasi» dasturida faol ishtirok etib kelmoqda.
YUNESKOning «Jahon xotirasi» reyestriga mamlakatimizning ming yillik tarixi va madaniy rang-barangligini aks ettiruvchi noyob kolleksiyalar kiritilgan. Ular qatorida Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondi, Usmon Qur’oni, Xiva xonlari arxivlari, Buxoro amirligi devonxonasi hujjatlari, Rumiy asarlari to‘plami, Xudoybergan Devonovning fotokolleksiyasi, «Turkiston albomi», Mug‘ tog‘idan topilgan Sug‘d hujjatlari hamda «Jome’ ut-tavorix» asari mavjud. Jahon ahamiyatiga ega bo‘lgan mazkur yodgorliklar O‘zbekistonning chuqur tarixiy ildizlarini hamda mamlakatimizning yozma madaniyat, ilm-fan va san’at taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasini namoyon etadi.
Mamlakatimiz tashabbusining bir ovozdan qo‘llab-quvvatlanishi so‘nggi yillarda O‘zbekiston va YUNESKO o‘rtasidagi hamkorlik jadal sur’atlarda kengayib borayotganining yorqin tasdig‘i bo‘ldi.
2025-yilda Samarqand shahrida YUNESKO Bosh konferensiyasining tarixiy 43-sessiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
YUNESKO rahbariyatining, jumladan Bosh direktorning O‘zbekistonga muntazam tashriflari sheriklik munosabatlarini mustahkamlashning muhim omiliga aylandi.
Toshkent shahrida maktabgacha ta’lim bo‘yicha YUNESKOning
II-toifadagi mintaqaviy markazi tashkil etildi, shuningdek, sun’iy intellekt etikasi sohasida YUNESKO–O‘zbekiston Beruniy nomidagi xalqaro mukofoti ta’sis qilindi.
Mamlakatimiz YUNESKOning oliy ta’limda malakalarni tan olish bo‘yicha Global konvensiyasiga qo‘shildi. YUNESKO bilan hamkorlikda O‘zbekistonda sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha kompleks tadqiqot amalga oshirildi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda YUNESKOning 8 ta kafedrasi va YUNESKO bilan hamkorlik qiluvchi 24 ta maktab faoliyat yuritmoqda. 2024-yilda Samarqand shahridagi «Ipak yo‘li» xalqaro turizm va madaniy meros universitetida Ipak yo‘lida barqaror tarixiy turizm bo‘yicha YUNESKO kafedrasi ochildi. Toshkent, Farg‘ona, Nukus va Samarqand shaharlari YUNESKOning Global o‘quvchi shaharlar tarmog‘iga kiritildi.
Madaniy meros sohasidagi hamkorlik ham sezilarli darajada kengaydi. Buxoro shahri YUNESKOning Kreativ shaharlar global tarmog‘iga qo‘shildi, O‘zbekiston esa madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha YUNESKOning maslahat organi hisoblangan IKKROMning to‘laqonli a’zosiga aylandi.
Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga qariyb 20 ta nominatsiya kiritildi. Ular qatorida «Qoraqalpoq o‘tovlarini tayyorlash bo‘yicha an’anaviy bilim va ko‘nikmalar», «Qobiz yasash va ijro etish san’ati», «O‘zbekiston kulolchilik san’ati», «Naqqoshlik» va boshqalar mavjud.
Jahon merosi shaharlari hisoblangan Xiva, Buxoro, Shahrisabz va Samarqandga qo‘shimcha ravishda Zarafshon – Qoraqum koridori bo‘ylab joylashgan yodgorliklar, shuningdek, G‘arbiy Tyan-Shan va Turon cho‘llarining tabiiy hududlari ham YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritildi. Chotqol va Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervatlari YUNESKOning Butunjahon biosfera rezervatlari tarmog‘iga kiritildi.
Yaqin kelajakda YUNESKOning mazkur ro‘yxatlariga «Toshkent modernistik arxitekturasi», «O‘zbek kurashi», «Buxoro raqsi», «Alpomish», «Ipak yo‘li: Farg‘ona–Sirdaryo koridori», «Kashtachilik san’ati» va «Kigiz tayyorlash an’analari» kabi yangi nominatsiyalarni kiritish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
YUNESKO bilan hamkorlikda O‘zbekiston madaniy merosi ob’ektlarini muhofaza qilish masalalari bo‘yicha Xalqaro maslahat qo‘mitasi tashkil etildi. Tashkilot homiyligi ostida «Sharq taronalari», Maqom va Baxshichilik san’ati, xalq hunarmandchiligi hamda etnosport festivallari o‘tkazib kelinmoqda.
Ushbu yutuqlarning barchasi O‘zbekiston va YUNESKO o‘rtasidagi hamkorlik izchil, tizimli ravishda rivojlanayotganini hamda Tashkilot mandatining barcha asosiy yo‘nalishlarini qamrab olayotganini namoyon etmoqda.
Ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash maqsadida 2026-yil 8-aprel kuni O‘zbekiston va YUNESKO o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risidagi Bitim imzolandi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbuslarini birgalikda amalga oshirish bo‘yicha maxsus «Yo‘l xaritasi» qabul qilindi.
Mazkur hujjat 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan hamkorlikning uzoq muddatli ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beruvchi yangi strategik dasturiy asosga aylandi hamda tomonlarning YUNESKO mandati doirasidagi barcha sohalarda hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga bo‘lgan intilishini tasdiqladi.
Prezidentimizning 19-noyabr sanasini Xalqaro hujjatli meros kuni deb e’lon qilish to‘g‘risidagi tashabbusining muvaffaqiyatli amalga oshirilishi ham so‘nggi yillarda mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori tobora ortib borayotganining yana bir yorqin dalilidir.
O‘zbekiston global gumanitar kun tartibini shakllantirishdagi o‘rnini izchil mustahkamlab bormoqda. Mamlakatimiz madaniy merosni asrash, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish va barqaror taraqqiyot g‘oyalarini ilgari surishga katta e’tibor qaratmoqda.
So‘nggi yillarda respublikamiz yirik xalqaro forumlar uchun nufuzli maydonga aylandi, YUNESKO dasturlarida faol ishtirok etmoqda hamda madaniy diplomatiyani rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Xalqaro hujjatli meros kunining ta’sis etilishi O‘zbekiston nafaqat muhim xalqaro tashabbuslarni ilgari surayotganini, balki ularning amaliy ijrosini ta’minlashga ham tayyor ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Mamlakatimiz kelgusida ham hujjatli merosni saqlash sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga hissa qo‘shish niyatida. Biz YUNESKO va boshqa davlatlar bilan hamkorlikda har yili yangi xalqaro sanaga bag‘ishlangan tadbirlarni tashkil etishni rejalashtirmoqdamiz. Ular qatorida YUNESKO bosh qarorgohida ko‘rgazmalar, ta’lim dasturlari, treninglar va turli madaniy tadbirlar o‘tkazish nazarda tutilgan.
Xalqaro hujjatli meros kunining ta’sis etilishi nafaqat O‘zbekiston diplomatiyasining muhim yutug‘i, balki insoniyat xotirasini saqlash yo‘lidagi global hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan muhim qadamdir. Bu hujjatli meros kelajak avlodlar uchun ochiq, ishonchli himoyalangan va keng foydalaniladigan boylikka aylanadigan kelajakka qo‘shilgan munosib hissadir.
Kamol Muxtorov,
O‘zbekiston Respublikasining
YUNESKO huzuridagi doimiy vakili