Suv xo‘jaligi tizimida 301 nafar xodim tomonidan 243 korrupsiyaviy jinoyat sodir etilgan
Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining sayyor majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Suv xo‘jaligi vazirligi tizimida korrupsiyaning oldini olish, davlat mablag‘laridan samarali foydalanish hamda tizimdagi mavjud muammolar atroflicha muhokama qilindi.
Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Ta’kidlanganidek, Milliy kengash tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari hududlar va sohalar kesimida izchil o‘rganilmoqda. Shu kunga qadar qator hududlar va vazirliklarda sayyor muhokamalar tashkil etilgan bo‘lsa, bu gal asosiy e’tibor suv xo‘jaligi tizimidagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarga qaratildi.
Qayd etilganidek, suv mamlakat oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq xo‘jaligi va iqtisodiy barqarorligi uchun strategik ahamiyatga ega resurs hisoblanadi. Shu bois sohada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, davlat mablag‘larining maqsadli sarflanishi hamda korrupsiya omillarini bartaraf etish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Yig‘ilishda keltirilgan raqamlar muammoning jiddiyligini ko‘rsatdi. Ma’lum qilinishicha, 2024-2025-yillar hamda joriy yilning o‘tgan davrida suv xo‘jaligi tizimida 301 nafar xodim tomonidan 243 korrupsiyaviy jinoyat sodir etilgan. Buning oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 70 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.
Muhokamalarda byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish, suv tejovchi texnologiyalar uchun ajratilgan subsidiyalarning noqonuniy o‘zlashtirilishi, suv fondi yerlarini boshqarishdagi qonunbuzarliklar, raqamlashtirish ishlarining sustligi hamda manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq holatlar keskin tanqid qilindi. Shuningdek, o‘rnatilgan «Aqlli suv» qurilmalarining katta qismi haligacha to‘liq samarali ishlamayotgani qayd etildi.

Majlisda korrupsiyaga qarshi kurashishda asosiy e’tibor alohida huquqbuzarliklarni aniqlashga emas, balki ularning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etishga qaratilishi zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida Suv xo‘jaligi vazirligi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga 10 kun muddatda sohadagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan "yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqib, Milliy kengashga kiritish vazifasi yuklatildi.
Norgul Abduraimova, O‘zA