Senatga Germaniya Federativ Respublikasi Bundestagining Tashqi ishlar qo‘mitasi a’zosi Shtefan Mayer boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher A’zamxo‘jayev bilan uchrashuvda ikki tomonlama parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish, “Germaniya - Markaziy Osiyo” parlamentlararo do‘stlik guruhi bilan qo‘shma tadbirlar tashkil etish, shuningdek, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, turizm va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni faollashtirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi strategik sheriklik hamkorligi har tomonlama faol rivojlanayotgani ta’kidlandi.
Sh.Mayer O‘zbekiston Germaniyaning Markaziy Osiyodagi ishonchli hamkori ekanini ta’kidlab, mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy, qonunchilik va huquq, fuqarolik jamiyati hamda aholi farovonligi sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadi.
Ikki tomonlama va ko‘p tomonlama formatdagi tadbirlar doirasida hamkorlik va hamfikrlik aloqalarini qo‘llab-quvvatlash, parlament vakillari o‘rtasida qonun ijodkorligi hamda parlament nazoratini amalga oshirishda tajriba almashish yuzasidan kelishuvga erishildi.
N.Abduraimova, O‘zA