Germaniya O‘zbekiston bilan uzoq muddatli hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekani qayd etildi
Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Germaniya Bundestagi deputatlari Peter Felzer va Kristof Birgxan bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, parlamentlararo muloqot ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, yangi tashabbuslarni ilgari surish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda muhim o‘rin tutadi.
Germaniya va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida hamkorlikni yanada kengaytirish, shuningdek, ilmiy-tadqiqot va ta’lim sohalaridagi aloqalarni mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Germaniya parlamenti a’zolari O‘zbekiston Markaziy Osiyoning markazida joylashgan, ulkan iqtisodiy va inson salohiyatiga ega davlat sifatida mintaqada muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Germaniya O‘zbekiston bilan uzoq muddatli hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekani qayd etildi.
Muloqot yakunida tomonlar belgilangan ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy hamkorlikni kengaytirish va muntazam aloqalarni davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.
N.Abduraimova, O‘zA