O‘zbekiston-Germaniya investitsiyaviy hamkorligi doirasida 2020-2021 yillarda 1,5 mlrd. dollarlik investitsiya o‘zlashtirildi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2017 yildagi 613,2 mln. dollardan 2021 yilda 762,7 mln. dollarga oshdi.
«Yo‘l xaritasi»ga umumiy qiymati 4,8 mlrd. dollarlik 58 ta bitim kiritilgan, shundan 418,4 mln. dollarlik 15 loyiha muvaffaqiyatli ishga tushirilgan.
Bu Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan majlisida qayd etildi.
Majlisda senatorlar, manfaatdor vazirlik va idoralar, davlat kompaniyalari, xo‘jalik birlashmalari rahbarlari, O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi xodimlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari vakillari ishtirok etgan tadbirda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Germaniyaga tashrif yakunlari bo‘yicha imzolangan «Yo‘l xaritasi»ning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy qismini amalga oshirish to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.
«Yo‘l xaritasi»ni amalga oshirishning borishi tanqidiy tahlil qilindi. Investitsiya loyihalari va eksport shartnomalarini amalga oshirish uchun mas’ul idoralar faoliyatiga baho berildi.
Bundan tashqari, «Yo‘l xaritasi»ni o‘z vaqtida amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan qator tizimli muammo va kamchiliklar muhokama qilindi.

Hozirgi vaqtda umumiy qiymati 268,9 mln. dollarlik 6 ta investitsiya loyihasi kech amalga oshirilayotgani, 183 mln. dollarlik bitta loyiha esa umuman amalga oshirilmayotgani aytildi.
Korxonalarni muhandislik-kommunikatsiya tizimlariga o‘z vaqtida ulash bilan bog‘liq muammolar qayd etildi. Masalan, Energetika vazirligi va «Toshkent shahar elektr tarmoqlari» AJ “Falk Porsche Fiberglass” qo‘shma korxonasini elektr tarmoqlariga ancha kech ulaganligi tufayli investitsiya loyihasini amalga oshirish yarim yilga kechikdi.
Noqaror xalqaro vaziyat tufayli transport-logistika zanjirlarining buzilishi masalasi dolzarbligicha qolmoqda. Bu esa loyihalarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan import uskunalarining o‘z vaqtida yetkazib berilmasligiga sabab bo‘lyapti.
Mazkur holat umumiy qiymati 14,6 mln. dollar bo‘lgan ikkita bitimning amalga oshirilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Majlisda investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish ustidan ichki nazorat tizimi mavjud emasligini ta’kidlandi. Joylarda senatorlar tomonidan olib borilgan o‘rganishlar davlat organlari investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirishga ko‘pincha yuzaki yondashayotganini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, ularda mavjud muammolarni hal etishda tashabbus yetishmayapti.
Masalan, Sog‘liqni saqlash vazirligi umumiy qiymati 122 mln. dollarlik 3 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun mas’ul hisoblanadi. Hozirda barcha loyihalar turli qiyinchiliklarga duch kelmoqda va ularni amalga oshirish muddatlari kechiktirilmoqda.
Majlis yakunlari bo‘yicha mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan Senat qo‘mitasining qarori qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA