Germaniyada o‘qish uchun qanday talablar mavjud? - Mutaxassis bilan suhbat (+video)
Bugungi kunda O‘zbekiston va Germaniya davlatlari o‘rtasida barcha sohalardagi hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda. Ayniqsa, ta’lim sohasidagi aloqalar so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarildi.
Saksoniya universitetlarining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Zlixa Tileuova bilan suhbatimiz aynan ikki davlat o‘rtasidagi oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik, talabalar va olimlar almashinuvi hamda vakolatxona faoliyati haqida bo‘ldi.
–Avvalo, Saksoniya universitetlarining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, uning asosiy vazifalari hamda ikki davlat o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi hamkorlikdagi o‘rni haqida so‘zlab bersangiz.
–Ma’lumki, Germaniya 16 ta federal yerdan iborat. Agar O‘zbekiston bilan qiyoslaydigan bo‘lsak, ularni shartli ravishda viloyatlarga o‘xshatish mumkin. Ana shu federal yerlardan biri – Saksoniya.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida ilm-fan, oliy ta’lim, talabalar almashinuvi hamda iqtisodiy hamkorlik jadal sur’atlarda rivojlanmoqda. Bu hamkorlikning muhim natijalaridan biri sifatida 2023-yil 16-noyabr kuni Toshkent shahridagi Geologiya fanlari universiteti qoshida Saksoniya oliy ta’lim muassasalarining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, ya’ni Saksoniya universitetlari byurosi o‘z faoliyatini boshladi.
Uning ochilish marosimida O‘zbekiston va Germaniyaning tegishli idoralari rahbarlari ishtirok etdi. Jumladan, Geologiya fanlari universiteti mutasaddilari, Germaniyaning Frayberg texnika universiteti Konchilik akademiyasi rahbariyati hamda Saksoniya Oliy ta’lim vazirligi vakillari qatnashdi.
Vakolatxonaning asosiy maqsadi O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida ilmiy hamda akademik hamkorlikni yanada rivojlantirish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, o‘zbekistonlik yoshlarni Saksoniya universitetlari bilan yaqindan tanishtirish va Germaniyada ta’lim olish istagida bo‘lganlarga amaliy maslahat hamda ko‘mak berishdan iborat.
Ya’ni, vakolatxona Saksoniyada tahsil olishni rejalashtirayotgan yoshlarga hujjatlarni rasmiylashtirishdan tortib, universitet tanlash, akademik hamkorlik va boshqa tashkiliy masalalarda beg‘araz amaliy yordam ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, vakolatxona akademik almashinuv dasturlarida ishtirok etayotgan professor-o‘qituvchilar, olimlar va oliy ta’lim muassasalari bilan ham yaqin hamkorlik qilib, ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilib kelmoqda.
–Bugungi kunda Germaniyada ushbu dasturlar doirasida necha nafar o‘zbekistonlik talaba tahsil olmoqda?
– Vakolatxona ochilganidan so‘ng Saksoniya Oliy ta’lim vazirligi tomonidan O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston uchun maxsus “Saxon Student Mobility Program” dasturi ishlab chiqildi. Bu talabalar almashinuviga qaratilgan grant va stipendiya dasturidir.
Ushbu dastur doirasida o‘zbekistonlik talabalar Germaniyaga borib, bir semestr davomida o‘zlari tanlagan universitet, ta’lim yo‘nalishi va professor rahbarligida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Shu bilan birga, ular nazariy bilimlarini chuqurlashtirish, laboratoriya mashg‘ulotlarida ishtirok etish va amaliyot o‘tash imkoniyatiga ham ega bo‘lishadi.
2025-2026 o‘quv yilining qishki semestrida mazkur dastur doirasida Saksoniya Oliy ta’lim vazirligi grantlari asosida O‘zbekistondan 26 nafar talaba talabalar almashinuvida ishtirok etdi. Ularning 12 nafari Frayberg texnika universiteti Konchilik akademiyasida, yana bir qismi Drezden texnika universitetida tahsil oldi. Shuningdek, Germaniyaning Sittau shahrida joylashgan universitetda xalqaro munosabatlar, moliya va iqtisodiyot yo‘nalishlari bo‘yicha ham talabalar almashinuvi amalga oshirildi.
Dasturda Geologiya fanlari universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent arxitektura-qurilish universiteti hamda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti talabalari ishtirok etib, Germaniyada grant asosida tahsil oldilar.
Mazkur tartibda 16 nafar o‘zbekistonlik talaba bir semestr davomida Germaniya universitetlarida ta’lim oldi. Bundan tashqari, Saksoniya Oliy ta’lim vazirligining “Saxon Mobility Ambassador” dasturi ham amalga oshirilmoqda. Ushbu dastur O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va olimlariga Germaniyada malaka oshirish, akademik tajriba almashish imkonini yaratadi.
– Demak, ushbu akademik almashinuv dasturlari doirasida o‘zbekistonlik professor-o‘qituvchilar va olimlar Germaniya oliy ta’lim muassasalarida dars berishi mumkin, shundaymi?
– Ha, shunday. Biroq dastur bir necha bosqichda amalga oshiriladi. Ilk bosqichda Saksoniya universitetlari professorlari O‘zbekistonga tashrif buyurdilar. Ular Geologiya fanlari universiteti, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti hamda Toshkent arxitektura-qurilish universitetida maxsus o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdilar. Bu mashg‘ulotlar blok darslari shaklida tashkil etildi. Ya’ni, qisqa muddat ichida muayyan yo‘nalish bo‘yicha jadal va chuqurlashtirilgan ta’lim berish tizimi qo‘llanildi.
Saksoniya universitetlaridan 7 nafar professor O‘zbekistonga kelib, bir haftadan ikki haftagacha bo‘lgan muddat davomida talabalarimiz uchun mutlaqo bepul dars mashg‘ulotlarini o‘tkazdilar. Biroq buning ham ma’lum shartlari mavjud. Nemis professorini O‘zbekistonga taklif qilish uchun, avvalo, ikki mamlakat universitetlaridagi o‘quv rejalari va fan dasturlari o‘zaro mos bo‘lishi lozim. Buning aniq tartibi bor. Masalan, Geologiya fanlari universitetida geologiya, mineralogiya, minerallar tarkibini o‘rganish yoki muayyan ilmiy yo‘nalish bo‘yicha mutaxassisga ehtiyoj tug‘ilsa, universitet vakolatxonaga murojaat qiladi.
Biz esa shu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan Saksoniya universitetlari professorlari bilan bog‘lanamiz. Agar ikki tomon olimlarining ilmiy qiziqishlari va tadqiqot yo‘nalishlari bir-biriga mos kelsa, hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga amaliy yordam beramiz. Shu tariqa, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda ilmiy va akademik hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga o‘z hissamizni qo‘shib kelyapmiz. Albatta, bu jarayonlarda asosiy hamkorlik professor bilan professor o‘rtasida amalga oshiriladi. Buning asosiy maqsadi ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, professor-o‘qituvchilar va olimlar o‘rtasida akademik hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.
Shu ma’noda, “Saxon Mobility Program” ikki asosiy yo‘nalishni qamrab oladi. Birinchi yo‘nalish talabalar, ikkinchisi esa olimlar va professor-o‘qituvchilar almashinuvidir. Hozirgi kunda dastur aynan shu ikki yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirilmoqda.
– Saksoniya universitetlari talabalarining O‘zbekistonga kelib, mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishi yoki amaliyot o‘tashi qanday tartibda tashkil etiladi?
– Albatta, buning uchun ham alohida dastur mavjud. U “Outgoing Program” deb ataladi. Mazkur dastur doirasida Saksoniya oliy ta’lim muassasalari talabalari O‘zbekistonga kelib, amaliy mashg‘ulotlar o‘taydilar. Masalan, o‘tgan yili Germaniyadan 20 nafar talaba professor rahbarligida geologiya, mineralogiya va foydali qazilmalarni o‘rganish yo‘nalishlari bo‘yicha O‘zbekistonda o‘n kunlik amaliyot o‘tadi. Amaliyot Geologiya fanlari universiteti, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti hamda hamkor oliy ta’lim muassasalari bilan kelishilgan reja asosida tashkil etildi.
Nemis talabalari O‘zbekistondagi amaliy tayyorgarlik imkoniyatlari, ishlab chiqarish korxonalari va konchilik tarmog‘idagi amaliyot bazalarini yuqori baholashdi. Ayniqsa, talabalarni real ishlab chiqarish jarayonlarida ishtirok etish imkoniyati katta taassurot qoldirdi. Bu ular uchun juda katta tajriba bo‘ldi.
– Germaniyalik talabalarning yurtimiz haqidagi ijobiy fikrlari e’tiborga molik. Masalan, O‘zbekiston Milliy universiteti yoki boshqa oliy ta’lim muassasalari talabalari Saksoniya universitetlarida tahsil olishni istasa, ular qayerga murojaat qilishi kerak? Tanlov shartlari qanday? Shuningdek, professor-o‘qituvchilar akademik almashinuv dasturlarida ishtirok etish uchun nimalarga e’tibor qaratishlari lozim?
– Bu imkoniyatlar nafaqat geologiya yo‘nalishi, balki muhandislik, texnika, axborot texnologiyalari, kimyo-texnologiya va boshqa ko‘plab sohalar uchun ham ochiq. Biroq ayrim asosiy talablar mavjud. Bakalavriat bosqichida tahsil olish uchun, avvalo, nemis tilini bilish talab etiladi. Chunki Saksoniya oliy ta’lim muassasalaridagi bakalavriat dasturlarining qariyb 99 foizi nemis tilida olib boriladi. Magistratura bosqichida esa ingliz tilini bilishning o‘zi yetarli bo‘lishi mumkin. Masalan, IELTS sertifikati yoki nemis tili bo‘yicha xalqaro sertifikatlar, jumladan, Gyote instituti sertifikati qabul qilinadi.
Shuni ham alohida ta’kidlash joizki, bu jarayon ikki bosqichda kechadi. Talaba, avvalo, o‘zi tanlagan universitet va professor talablariga javob berishi lozim. Shundan keyingina uning nomzodi grant yoki stipendiya dasturi doirasida ko‘rib chiqiladi. Birinchi bosqichda talaba o‘zi tanlagan oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshirishi kerak. Eng muhim shartlardan biri shuki, O‘zbekistonda tanlagan mutaxassisligi Germaniyada o‘qishni rejalashtirayotgan yo‘nalishi hamda professorning ilmiy faoliyatiga mos kelishi lozim. Universitetning ham, professorning ham o‘z talablari bor va talaba aynan shu mezonlarga javob berishi kerak.
Ikkinchi bosqichda esa agar Saksoniya oliy ta’lim muassasasidagi professor yoki dotsent o‘zbekistonlik talabani qabul qilishga rozilik bildirsa, shundan keyingina stipendiya tanlovi jarayoni boshlanadi. Bu bosqichda til bilish darajasi hamda nemis professori tomonidan nomzodning ma’qullanishi hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Masalan, o‘tgan yili stipendiya dasturi uchun 169 nafar o‘zbekistonlik talaba hujjat topshirdi. Ulardan 26 nafari saralab olindi. Bu juda yaxshi natija. Boshqa davlatlarning grant dasturlari bilan taqqoslaganda ham mazkur ko‘rsatkich yuqori hisoblanadi. Bu, o‘z navbatida, keyingi yillarda o‘zbekistonlik yoshlarning ingliz tili va kasbiy tayyorgarligi sezilarli darajada yuksalayotganini ko‘rsatadi.
Bu jarayonda faqat talaba emas, uning o‘qituvchisi ham ishtirok etadi. Chunki ikki tomon professorlari o‘zaro kelishuvga erishganidan keyingina talabaga ishtirok etish imkoniyati beriladi. Masalan, Geologiya fanlari universitetidan 17 nafar talaba magistratura dasturiga hujjat topshirgan. Ular bir guruhda tahsil olgan bo‘lishi mumkin, ammo Germaniyada har bir talabaning salohiyati alohida baholanadi. Jumladan, uning laboratoriyada mustaqil ishlay olish qobiliyati, O‘zbekistonda o‘qigan fanlarining Germaniyadagi ta’lim dasturlariga mosligi, shuningdek, kasbiy terminologiyani qay darajada egallagani chuqur o‘rganiladi.
Ochig‘ini aytganda, men o‘zbekistonlik talabalardan cheksiz mamnunman, ularning bilim va izlanishga bo‘lgan intilishi yil sayin yanada yuksalib bormoqda. Ularning har bir yutug‘i, har bir qadami biz uchun katta quvonch va iftixor manbaidir.
O‘zingiz bilasiz, ilm olish igna bilan quduq qazish kabidir. Bu oson yo‘l emas. Lekin intilish va mehnat bo‘lsa, albatta, natijaga erishish mumkin. Biz esa bu yo‘lda har doim amaliy yordam berishga tayyormiz.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/TAODL9d1cmI" title="Germaniyada o‘qish uchun qanday talablar mavjud?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nasiba Ziyodullayeva, Doniyor Yoqubov,
Anvarxo‘ja Ahmedov (video-montaj), O‘zA