O‘zbekiston–Fransiya: Ta’lim sohasidagi hamkorlik yangi bosqichda
Bugungi globallashuv sharoitida ta’lim sohasida ilg‘or tajribaga ega davlatlar bilan hamkorlik yangi imkoniyatlarni yaratishga xizmat qiladi.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlik izchil ravishda rivojlanib bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Ilhom Sirojev hamda Fransiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Valid Fuk o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida maktabgacha va maktab ta’limi yo‘nalishida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikning bugungi holati muhokama qilinib, amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar va dasturlar atroflicha ko‘rib chiqildi.

Fransiya elchisi, o‘z navbatida ikki tomonlama hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini ta’kidlab, O‘zbekistonda fransuz tilini o‘qitish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga yuqori baho berdi.
Uchrashuvda hamkorlikni yanada kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Jumladan, maktablarda fransuz tilini ikkinchi xorijiy til sifatida rivojlantirish, ta’lim jarayoniga til egalarini jalb etish, “Kelajak” markazlarida fransuz tili to‘garaklarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, kasbiy ta’lim tizimiga ilg‘or tajribalarni joriy etish kabi yo‘nalishlar belgilab olindi.

Mazkur hamkorlik nafaqat ta’lim sifati oshishiga, balki yoshlarning xalqaro bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishga ham xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA