O‘zbekiston-Fransiya: ta’limdagi hamkorlik
Fransiyaning Psixomotor terapeya oliy instituti bosh direktori Jerard Xermant Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutida bo‘ldi.
Fransiyalik mehmon Jerard Xermant ko‘hna va hamisha navqiron Buxoro shahridagi samimiy qabul uchun mutasaddilarga minnatdorligini bildirdi. Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori Shuhrat Teshayev hamrohligida institutning yangi va zamonaviy kampusini borib ko‘rdi. Kampusda tashkillashtirilgan Simulyatsion markazda yaratilgan shart-sharoit, zamonaviy o‘quv va amaliy mashg‘ulot xonalari shayligiga yuqori baho berdi. Muzokaralar davomida Buxoro davlat tibbiyot instituti bilan ilmiy hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. Oliy ta’lim dargohi delegatsiyasini tajriba o‘rganish maqsadida Fransiyaga taklif qildi.

Buxoro hamda Parij oliy ta’lim muassasalari rahbarlari o‘rtasida xalqaro hamkorlikka doir kelishuvga muvofiq, talabalar hamda professor o‘qituvchilar akademik mobilligi doimiy ravishda tashkil etiladi. Bu borada Buxoro davlat tibbiyot instituti hamda Psixomotor terapeya oliy instituti o‘rtasida qo‘shma ta’lim dasturi amalga oshirilmoqda.
Buxoro davlat tibbiyot instituti mamlakatimiz oliy ta’lim dargohlarining xalqaro institut hamda universitetlar bilan hamkorlik qilish borasida yetakchi o‘rinda turadi. Institut ayni paytda 50 ga yaqin xalqaro oliy ta’lim muassasasi va tashkilot bilan imzolangan memorandum va shartnomalarga muvofiq faoliyat ko‘rsatmoqda. Abu Ali Ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutida joriy o‘quv yilida jami 7 ming 200 nafar talaba tahsil olmoqda. Shundan bir nechta xorijiy davlatdan 2 mingga yaqin talaba kelib, Buxoroda tib ilmidan tahsil olmoqda. 2026 yilga borib oliy ta’lim dargohida ta’lim oladigan yosh iste’dod egalari sonini 15 ming nafarga, shundan chet ellik talaba sonini esa 5 ming nafarga yetkazish maqsad qilingan.

Ayni kunda AQSH, Turkiya, Hindiston, Janubiy Koreya, Polsha, Rossiya Federatsiyasi, Iordaniya kabi mamlakatlarning nufuzli oliy ta’lim dargohlari bilan o‘zaro ilmiy-amaliy o‘quv dasturlari doirasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish barobarida o‘zbekistonlik, xususan, buxorolik bo‘lg‘usi shifokorlarning mazkur mamlakatlarda tahsil olishi, doktorantura va boshqa bosqichlarda ilmiy izlanishlarini tashkillashtirish chora-tadbirlari ishlab chiqilmoqda.
Ma’lumot uchun, Psixomotor terapeya oliy institutiga 1967 yilda Fransiyaning Parij shahrida asos solingan. Institut 55 yildan ortiq davr mobaynida turli darajadagi ruhiy-asab kasalliklariga doir ilmiy tadqiqotlar, psixologik-nevrologik o‘rganishlarga oid davolash terapiya ishlarini izchil amalga oshirib, takomillashtirib kelmoqda. Xorijiy oliy ta’lim dargohi ayni kunda Yevropa va Osiyodagi qator davlatlar bilan o‘zaro ilmiy-nazariy hamda amaliy hamkorlik munosabatlarini yuritmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA