O‘zbekiston fotosurati Jahon bojxona tashkilotining xalqaro fotoko‘rgazmasidan o‘rin oldi
Jahon bojxona tashkiloti har yili iyun oyida Belgiya poytaxti Bryussel shahridagi bosh qarorgohida o‘tkaziladigan yillik sessiya doirasida a’zo davlatlar taqdim etgan eng sara fotosuratlardan iborat an’anaviy fotoko‘rgazma tashkil etadi.
Joriy yilgi fotoko‘rgazma uchun tashkilotga a’zo 180 dan ortiq davlatlardan yuborilgan ijodiy ishlar saralanib, ular orasidan 78 ta eng yaxshi fotosurat tanlab olindi. Quvonarlisi, mazkur ko‘rgazmadan O‘zbekiston vakillari taqdim etgan fotosurat ham munosib o‘rin egalladi.
«Chegaralar ajratadi, bojxona esa birlashtiradi!» shiori ostida namoyish etilgan fotosuratda «Navoiy» chegara-bojxona posti orqali o‘tayotgan an’anaviy o‘zbek to‘y karvonining samimiy va quvonchli lahzalari aks etgan.
Suratda bojxona xodimlari yangi oilaga iliq tabassum, milliy qadriyat va urf-odatlarga hurmat bilan oq yo‘l tilayotgani, ayni paytda yuksak mas’uliyat va professionallik bilan davlat chegarasi xavfsizligini ta’minlash vazifasini ham sidqidildan bajarayotgani o‘z ifodasini topgan.
Mazkur fotosurat nafaqat milliy an’analarimiz va mehmondo‘stligimizni, balki mamlakatimiz bojxona xizmati faoliyatining insonparvarlik, ochiqlik va zamonaviy yondashuvlarini ham yorqin namoyon etadi.
Fotoko‘rgazmada dunyoning turli mamlakatlari taqdim etgan sara fotosuratlar ham o‘rin olgan bo‘lib, ular xalqaro bojxona hamjamiyatining hamkorlik, xavfsizlik va madaniy xilma-xillik kabi umumiy qadriyatlarini aks ettiradi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA