O‘zbekistonlik bojxonachi Jahon bojxona tashkiloti eksperti maqomini oldi
O‘zbekiston bojxona tizimi uchun yana bir muhim yutuq qayd etildi. Bojxona qo‘mitasi xodimi Nurbek Qurbonov Jahon bojxona tashkilotining (JBT) xalqaro eksperti sifatida akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tdi.
Jahon bojxona tashkiloti tomonidan 2026-yil 8–12-iyun kunlari Belgiya Qirolligining Bryussel shahrida Samaradorlikni baholash mexanizmlari (Performance Measurement Mechanisms) yo‘nalishi bo‘yicha dastlabki akkreditatsiya seminari tashkil etildi.
Mazkur nufuzli tadbirda tashkilotga a’zo 187 ta davlatdan nomzodlar ishtirok etish istagini bildirgan bo‘lsa, ular orasidan faqat 12 nafar mutaxassis saralab olindi. Quvonarlisi, ushbu saralangan ishtirokchilar qatorida Bojxona qo‘mitasi Strategik rejalashtirish va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish boshqarmasi katta inspektori Nurbek Qurbonov ham o‘rin oldi.
Seminar yakunida u barcha talab va sinovlarni muvaffaqiyatli bajarib, Jahon bojxona tashkilotining rasmiy eksperti sifatida akkreditatsiyadan o‘tdi.
Endilikda ushbu maqom Nurbek Qurbonovga JBT tomonidan tashkil etiladigan xalqaro missiyalar, texnik ko‘mak loyihalari, monitoring va baholash tadbirlarida xalqaro ekspert sifatida ishtirok etish imkonini beradi.
Bu yutuq O‘zbekiston bojxona organlari nufuzining xalqaro maydonda tobora ortib borayotganini yana bir bor tasdiqlaydi. Shu tariqa, Jahon bojxona tashkiloti eksperti maqomini olgan milliy mutaxassislarimiz soni yana bittaga ko‘payib, mamlakatimiz vakillarining xalqaro ekspertlar korpusidagi o‘rni yanada mustahkamlandi.
Ta’kidlash joizki, 2025-yilda Bojxona qo‘mitasining yana bir xodimi — Sherzod Niyozov ham Jahon bojxona tashkilotining Xavflarni boshqarish yo‘nalishi bo‘yicha eksperti sifatida akkreditatsiyadan o‘tgan edi.
Ushbu natijalar mamlakatimizda bojxona sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, kadrlar salohiyatini oshirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasidagi ishlar o‘z samarasini berayotganidan dalolat.
Sh.Mamaturopova, O‘zA