O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Polo sport klubi” ish boshladi
Sport klubining ochilish marosimida ishtirok etgan O‘zbekiston Polo federatsiyasi mutasaddilari, murabbiylar, xususan yurtimizda polo sport turi bo‘yicha faoliyat yuritayotgan argentinalik tajribali mutaxassis Xoakin Spillmann yurtimizda boshqa sport turlari singari polo ham jadal rivojlanayotganini, yoshlar o‘rtasida ommalashayotganini e’tirof etdi.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori I.To‘xtasinov sport klubining ish boshlashi talaba-yoshlar o‘rtasida sportni ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish hamda vatanparvarlik ruhini mustahkamlashda alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Tadbirda mutaxassislar polo sportining tarixi, bugungi rivojlanish bosqichlari va yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida fikr bildirdi.

Ochiq muloqot va savol-javoblarga boy bo‘lgan tadbir davomida sport madaniyatini yuksaltirish, talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda xalqaro sport aloqalarini rivojlantirish, talabalar o‘rtasida ushbu sport turini ommalashtirish yuzasidan taklif va mulohazalar o‘rtaga tashlandi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA