Toshkentda polo bo‘yicha mamlakat chempionati bo‘lib o‘tdi
Toshkent shahrining Chilonzor tumanida joylashgan Markaziy ippodrom “Otchopar” majmuasida Milliy gvardiya hamda O‘zbekiston polo federatsiyasi, "Adolat" SDP hamkorligida ot sportining polo turi bo‘yicha O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi.
Musobaqada Milliy gvardiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri hamda viloyatlar Chavandozlar maktablaridan jami 120 nafarga yaqin sportchi ishtirok etdi.

Uch kun davom etgan bahslarda sportchilar chaqqonlik, jasorat va jamoaviy hamjihatlikni namoyon qildi. Musobaqa doirasida erkaklar bilan bir qatorda ayollar jamoalari ham ishtirok etib, tomoshabinlarga qiziqarli va shiddatli o‘yinlar taqdim etdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, erkaklar o‘rtasida Milliy gvardiya Toshkent shahar Chavandozlar maktabi jamoasi chempionlikni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Qashqadaryo viloyati, uchinchi o‘rin esa Samarqand viloyati jamoasiga nasib etdi.
Ayollar jamoalari bahslarida esa Samarqand viloyati jamoasi g‘olib bo‘ldi. Navoiy viloyati jamoasi musobaqani ikkinchi o‘rin bilan yakunladi.
N.Rahmonova, O‘zA