O‘zbekiston - Chexiya: mahalliy ishlab chiqarish va investitsiyaviy hamkorlik mustahkamlanadi
"O‘zeltexsanoat" uyushmasi raisi Mirziyod Yunusov Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida Chexiyaning "ROJEK" kompaniyasi ijrochi direktori Lyudevit Golub bilan uchrashdi.
Muloqotda O‘zbekistonda isitish qozonlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, mahalliy ishlab chiqarish salohiyatini oshirish va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, xorijiy hamkorga mamlakatimizda investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, mavjud infratuzilma, taqdim etilayotgan imtiyozlar, kafolatlar hamda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida ma’lumot berildi.
Uyushma axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, "ROJEK" kompaniyasi 1921-yilda tashkil etilgan bo‘lib, isitish tizimlari uchun energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan qattiq yoqilg‘ili qozonlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Korxona mahsulotlari Yevropa ekologik standartlariga muvofiq ishlab chiqariladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha navbatdagi vazifalarni belgilab oldi.
N. Ziyodullayeva, O‘zA