Chexiya Respublikasi Bosh vaziri O‘zbekistonga keldi
Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babish 29-aprel kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.
Oliy martabali mehmonni “Toshkent-Humo” xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib oldi.
Shundan so‘ng Oliy martabali mehmon “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurib, Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi.
Mamlakatimiz o‘tmishi va kelajagi timsoli sanalgan Mustaqillik monumenti Yangi O‘zbekiston ma’naviyatining gultojidir. U yerda kamolot sohiblari bo‘lmish ajdodlarimiz siymosi aks etgan.
Chexiya Bosh vaziri umrini yurt taraqqiyoti, el farovonligi yo‘lida ilm-ma’rifat bilan o‘tkazgan ajdodlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Yurtimiz tarixi, dunyo tamadduniga hissa qo‘shgan bobolarimiz ma’rifati haqida ma’lumot berildi.
Toshkent shahrida Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babishning mamlakatimizga rasmiy tashrifi doirasida ikki davlat ishbilarmon doiralarining qo‘shma biznes forumi o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babish ishtirok etdi.
Forumda ikki mamlakatning yetakchi sanoat korxonalari, investitsiya kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalari vakillari jam bo‘ldi. Xususan, Chexiya delegatsiyasi tarkibidan mashinasozlik, energetika, kimyo, farmatsevtika va transport-logistika sohalarida faoliyat yurituvchi 50 dan ortiq yirik kompaniya rahbarlari joy oldi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi sakkiz yil ichida O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ikki barobarga oshdi. Bugungi kunda mamlakatimizda Chexiya kapitali ishtirokida 36 ta qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Farmatsevtika, oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish va turizm sohalari o‘zaro hamkorlikning muvaffaqiyatli yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.
Muzokaralar davomida iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishning qator istiqbolli yo‘nalishlari haqida so‘z bordi.
Chexiya kompaniyalari mis va boshqa rangli metallarni qazib olish, ularni chuqur qayta ishlash hamda tog‘-kon texnikalarini mahalliylashtirish loyihalariga taklif etildi.
Gidroelektr stansiyalar qurish, kogeneratsiya uskunalarini o‘rnatish, sohani raqamlashtirish va energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha sheriklikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekistonning IT-parklari va sohadagi 100 mingdan ziyod mutaxassis salohiyatidan foydalangan holda uchinchi davlatlar bozori uchun qo‘shma raqamli mahsulotlar yaratish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Mamlakatimizdagi kimyo klasterlari negizida mineral o‘g‘itlar, polimerlar va maishiy kimyo vositalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, farmatsevtika sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Ikki davlatning geografik joylashuvi strategik ahamiyatga ega ekani alohida qayd etildi. Bu O‘zbekiston uchun Yevropa Ittifoqi bozoriga, Chexiya uchun esa Markaziy Osiyo bozoriga chiqishda darvoza vazifasini o‘taydi. Shu munosabat bilan, paritet asosida savdo uylari va logistika markazlarini tashkil etish taklifi ilgari surildi.
O‘zbekiston tomoni chexiyalik investorlar uchun maxsus sanoat parklarida yaratilgan imkoniyatlar va Yevropa kompaniyalari uchun taqdim etilayotgan alohida imtiyozlarga to‘xtalib o‘tdi.
O‘z navbatida, Chexiya Bosh vaziri o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini bildirib, aniq investitsiyaviy takliflarini taqdim etdi.
Forum yakunida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator muhim hujjatlar va bitimlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babish nafaqat yurtimiz, balki butun dunyo gavhariga aylangan Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga bordi.
Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy, ma’rifiy hamda tarixiy nuqtai nazardan o‘tmish va bugunni bog‘lovchi ko‘prikdir. Bugun uning faoliyati butun dunyo diqqat markazida bo‘lib kelmoqda.
Bu yerga tashrif buyuruvchilarga xalqaro standartlar asosida xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Majmua haqida tarqatma materiallar, broshyuralar va kitoblar nashr qilindi. O‘zbekiston muzey amaliyotida ilk bor nufuzli xalqaro ekspertlar jalb etilgan holda zamonaviy kimyo-fizik laboratoriyada barcha muzey ashyolarining kimyoviy tarkibi va yaratilganlik vaqti aniqlanib, ularning texnologik pasportlari tayyorlandi.
Xalqaro ISO standartlari asosida eksponatlar raqamlashtirilib, yagona elektron platformaga joylashtirildi. YUNESKO va IKOM talablari, shuningdek, jahonning eng mashhur muzeylari tajribasi asosida eksponatlarning 8 yo‘nalishdagi etiketaj etalonlari va tasniflari yaratildi. Har bir eksponatga QR-kodlar joylashtirilishi natijasida tashrif buyuruvchilar mobil telefon yoki planshet orqali ularning video va audio kontenti bilan dastlab 3 tilda, keyinchalik esa 8 tilda tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
Bugun majmuada Britaniya, Luvr va Metropoliten muzeylaridagi kabi planshetlar orqali video hamda audio tanishuv, audiogidlar, radiogidlar va ma’lumot olish quloqchinlardan foydalanish yo‘lga qo‘yilgan.
Chexiya Bosh vaziri Andrey Babish jahon muzeylariga tenglasha oluvchi noyob durdonalarni saqlayotgan Islom sivilizatsiyasi eksponatlarini ko‘zdan kechirib, ajdodlarimizning boy merosidan hayratga tushdi.
Tashrif dasturiga muvofiq, 30-aprel kuni Toshkent shahrida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi, ko‘p qirrali O‘zbekiston – Chexiya hamkorligini yanada rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqiladi.
O‘zaro savdoni ko‘paytirish, mashinasozlik, "yashil" energetika, kimyo, farmatsevtika va transport sohalarida kooperatsiyani kengaytirish diqqat markazida bo‘ladi. Madaniy-gumanitar va ta’lim sohalaridagi hamkorlik masalalari muhokama qilinadi.
Xalqaro kun tartibidagi masalalar, shu jumladan, ko‘p tomonlama maydonlarda o‘zaro qo‘llab-quvvatlash yuzasidan ham fikr almashiladi.
Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babishning mamlakatimizga rasmiytashrifi davom etmoqda.
Ikrom AVVALBOEV,
Abdulaziz RUSTAMOV,
Marhabo HOJIAKBAROVA, O‘zA muxbirlari