O‘zbekiston – binolar sektoriga bag‘ishlangan alohida milliy moslashuv rejasini e’lon qilgan yagona mamlakat
BMTning Atrof-muhit bo‘yicha dasturi Global binolar va qurilish alyansi bilan hamkorlikda «Binolar va qurilish sektorining global holati to‘g‘risidagi 2025–2026-yillar hisoboti»ni e’lon qildi. Hujjatda binolar sektorini dekarbonizatsiya qilish, energiya samaradorligini oshirish va iqlim o‘zgarishiga chidamliligini ta’minlash bo‘yicha erishilgan natijalar Global binolar iqlim trekeri asosida baholangan. Tadqiqot 2015-2024-yillarda sektorning yettita asosiy indikatori bo‘yicha ma’lumotlarni qamraydi va 30 dan ortiq mamlakatning milliy siyosatiga oid misollarni o‘z ichiga oladi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sektor mudiri Salamat Begmanov jahon qurilish sektorining rivojlanish natijalari, 2030-yilgacha bo‘lgan iqlim maqsadlari hamda binolarni iqlim o‘zgarishiga moslashtirish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi haqida quyidagilarni gapirib berdi:
– Binolar va qurilish sektori jahon YAIMining 10 foizdan ortig‘ini ta’minlaydi va dunyodagi har o‘n nafar band aholining qariyb bir nafari shu sohada mehnat qiladi. Sektor hissasiga global CO₂ chiqindilarining uchdan bir qismidan ortig‘i va dunyoda iste’mol qilinadigan materiallarning qariyb yarmi to‘g‘ri keladi.
2024-yilda dunyodagi binolarning umumiy maydoni 1,7 foizga o‘sib, 273 mlrd kv. metrga yetdi. Mazkur maydon Nayrobi hududidan besh baravar, Dehlidan ikki baravar, Berlin yoki Nyu-Yorkdan to‘rt baravar, Rio-de-Janeyrodan uch baravar katta hududga teng.
Turar joy fondi dunyodagi binolar umumiy maydonining 77 foizini tashkil etadi va binolardagi jami energiya talabining 70 foizini ta’minlaydi. 2024-yilda turar joy fondi maydoni 3,4 mlrd kv. metrga, noturar joy binolari esa 1,3 mlrd kv. metrga ko‘paydi. 2050-yilga kelib mavjud bo‘ladigan binolar fondining qariyb 50 foizi hali qurilishi kerak.
Global binolar iqlim trekeri yettita indikatordan iborat yig‘ma indeks bo‘lib, sektorning 2050-yilga qadar nol darajadagi chiqindilarga erishish yo‘lidagi natijalarini kuzatib boradi.
2024-yilda indeks maqsadli 52 punktdan atigi 2,8 punktga yetgan. Amaldagi ko‘rsatkich bilan belgilangan maqsad o‘rtasidagi tafovut 49,3 punktni tashkil etmoqda.
Sektor zarur trayektoriyadan 3,5 Gt CO₂ga ortda qolmoqda. 2030-yilgacha belgilangan yo‘nalishga chiqish uchun chiqindilar 2024-yil darajasiga nisbatan 56 foizga qisqarib, 4,4 Gt CO₂gacha tushishi kerak.
Binolardan foydalanish jarayonidagi ekspluatatsion chiqindilar 2024-yilda 1 foizga o‘sib, 9,9 Gt CO₂ga yetdi. 2015-yilga nisbatan o‘sish 6,5 foizni tashkil etdi.
Shu davrda energiya iste’moli 11 foizga, binolar fondi maydoni esa 20 foizga o‘sdi. Mazkur nisbat binolar fondi kengayishi va chiqindilar o‘sishi o‘rtasida qisman ajralish kuzatilayotganini ko‘rsatadi.
Qurilishda ishlatilgan sement, po‘lat va alyuminiy ishlab chiqarish bilan bog‘liq chiqindilar 2024-yilda qariyb 2,1 Gt CO₂, ya’ni global chiqindilarning 9 foizini tashkil etdi va so‘nggi yillarda deyarli o‘zgarmadi.
Qurilish sektori dunyoda qazib olinadigan materiallarning qariyb yarmini iste’mol qiladi. Sement, klinker, g‘isht, gil, po‘lat, alyuminiy, mis va boshqa metallar materiallar bilan bog‘liq chiqindilarning 55 foizini hamda binolar sektori jami chiqindilarining 18 foizini tashkil etadi.
2015-yildan buyon binolar fondining energiya intensivligi 8,5 foizga kamaydi. Bu Xalqaro energetika agentligining nol chiqindilar ssenariysi (NZE) bo‘yicha zarur qisqarishning yarmidan ham kam.
2030-yilga qadar energiya intensivligini amaldagi darajaga nisbatan yana 25 foizga kamaytirish talab etiladi.
Sahroi Kabirdan janubdagi Afrika mamlakatlarida binolarning energiyaga talabi 2010-yildan buyon 37 foizga oshdi, 2023-2024-yillarda o‘sish sur’ati 1 foizgacha sekinlashdi. Dunyo aholisining 20 foizi ushbu mintaqada yashashiga qaramay, uning hissasiga binolardagi global energiya talabining atigi 10 foizi to‘g‘ri keladi.
Mintaqada elektr energiyasidan foydalanish imkoniyati 2015-yildagi 39 foizdan 2023-yilda 53 foizga yetdi.
Konditsionerlar hissasi rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda binolar umumiy energiya iste’molining 4 foizini tashkil etadi. Sovitishga bo‘lgan energiya talabi 2015-yildan buyon 70 foizga oshdi.
Binolarni energiya bilan ta’minlashda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushi 2015-yildan buyon 4,7 foiz punktga oshib, 2024-yilda 17,3 foizga yetdi.
Bu zarur o‘sishning atigi to‘rtdan bir qismiga teng. 2030-yilga qadar ushbu ko‘rsatkichni 46 foizga, ya’ni yana 29 foiz punktga oshirish talab etiladi.
Binolarning o‘z elektr generatsiyasi, jumladan tomlarga o‘rnatilgan quyosh panellarining hissasi butun davr mobaynida deyarli o‘zgarmasdan, qariyb 5foiz darajasida qolgan.
Binolarda elektr energiyasiga talab qariyb 26 foizga oshdi. Rivojlangan mamlakatlarda elektr energiyasi binolarning yakuniy energiya iste’molining 33 foizini, rivojlanayotgan iqtisodiyotlarda esa 23 foizini tashkil etadi. Rivojlanayotgan mamlakatlarda an’anaviy biomassa hali ham energiya iste’molining qariyb 15 foizini ta’minlaydi.
2025-yil o‘rtalariga kelib binolar uchun energetik kodekslar dunyodagi yangi qurilishlarning qariyb 60 foizini qamrab olgan.
Yuqori daromadli mamlakatlarda bunday talablar keng qo‘llaniladi. Rivojlanayotgan iqtisodiyotlarda qamrov ancha past bo‘lib, tegishli talablar Afrika mamlakatlarining atigi 20 foizida, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlarining esa 29 foizida joriy etilgan.
2015-yildan buyon faqat ikki mamlakat — Kanada va AQSH — nol chiqindili binolar (Zero Emission Buildings — ZEB) tamoyillariga to‘liq mos keladigan kodekslarni joriy qilgan. Shu bilan birga, dunyodagi amaldagi majburiy kodekslarning birortasi ham ushbu tamoyillarga hozircha to‘liq javob bermaydi.
2030-yilga qadar bunday mamlakatlar sonini 95 taga yetkazish maqsad qilingan.
2015-2024-yillarda dunyo bo‘yicha berilgan «yashil» qurilish sertifikatlarining umumiy soni qariyb uch baravarga oshdi. Dunyoda 40 dan ortiq sertifikatlash tizimi amal qilsa, hisobotda ularning 14 ta eng yirigi kuzatib boriladi.
Sertifikatlash o‘sishining yig‘ma indeksi 2024-yilda 14,6 punktga yetdi va 2015-yilga nisbatan 13,6 punktga oshdi. 2024-yilda rekord darajadagi yillik o‘sish — 2,3 punkt qayd etildi.
2050-yilgacha bo‘lgan trayektoriyaga muvofiq harakatlanish uchun mazkur indeks 2030-yilda 33,9 punktga yetishi kerak.
Binolarning energiya samaradorligiga global investitsiyalar 2024-yilda 275 mlrd. AQSH dollariga yetdi. Bu 2015-yilga nisbatan 38 foiz, 2023-yilga nisbatan esa 3 foiz ko‘p.
2015-yildan buyon jamg‘arilgan investitsiyalarning umumiy hajmi qariyb 2,3 trln. AQSH dollarini tashkil etdi. Bu 2050-yilga qadar nol chiqindilar trayektoriyasi doirasida 2030-yilgacha talab etiladigan 5,9 trln. AQSH dollarilik jami investitsiya darajasidan 3,6 trln. AQSH dollariga kam.
2025-yilga kelib rivojlanayotgan mamlakatlar jami 75 ta milliy moslashuv rejasini (National Adaptation Plans — NAP) taqdim etdi. Bu hisobotning avvalgi nashri davridagiga nisbatan 17 taga ko‘p. Rivojlangan mamlakatlar esa yana 10 ta milliy moslashuv rejasini taqdim etgan.
O‘zbekiston 2025-yilda aynan binolar sektoriga bag‘ishlangan alohida milliy moslashuv rejasini e’lon qilgan dunyodagi yagona mamlakat bo‘ldi.
Hujjat qurilish normalarini takomillashtirish, mavjud binolar fondini rekonstruksiya qilish, «yashil» infratuzilmani rivojlantirish va maxsus moliyalashtirish mexanizmlarini yaratish bo‘yicha chora-tadbirlarni nazarda tutadi.
2025-yil noyabr oyida Butunjahon muhandislik tashkilotlari federatsiyasi binolar va infratuzilmaning butun hayotiy sikliga iqlim o‘zgarishiga moslashuv choralarini integratsiya qilish bo‘yicha 15 ta tavsiya e’lon qildi.
COP30 doirasida esa Global binolar va qurilish alyansi «Moslashuv yo‘llari» (Adaptation Pathways) dasturiy asosini taqdim etdi.
Hukumatlarga binolarni isitish va ovqat tayyorlashda qazilma yoqilg‘ilardan bosqichma-bosqich voz kechish rejalarini qabul qilish, binolarni chuqur rekonstruksiya qilish dasturlarini kengaytirish hamda davlat xaridlaridan binolarni energiya bilan ta’minlashda kam uglerodli yechimlarni rag‘batlantirish vositasi sifatida foydalanish tavsiya etilmoqda.
Energetik kodekslarni energiya samaradorligi va energiya yetarliligi tamoyillari asosida yangilash, mavjud binolar uchun minimal standartlarni belgilash, isitish va sovitishning passiv yechimlarini keng qo‘llash zarur.
Binolarni qayta tiklanuvchi manbalar asosida issiqlik va elektr energiyasi bilan ta’minlashni faqat energetika sohasining vazifasi sifatida emas, balki texnologik yechimlarni keng joriy etish masalasi sifatida ko‘rib chiqish tavsiya qilinadi.
Parnik gazlari chiqindilarini qisqartirish rejalariga binolarning energetik kodekslari, energiya ta’minoti, maishiy texnika samaradorligi, «yashil» sertifikatlash, qurilish materiallari yetkazib berish zanjirlari va sirkulyar iqtisodiyot, shaharsozlik hamda moliyalashtirish bo‘yicha batafsil strategiyalarni kiritish maqsadga muvofiq.
«Yashil» sertifikatlash tizimlaridan dekarbonizatsiya siyosatini kuchaytirish vositasi sifatida foydalanish, ularni milliy sharoitlarga moslashtirish hamda energetik kodekslar, davlat xaridlari talablari va ijtimoiy uy-joy dasturlari bilan uyg‘unlashtirish tavsiya etiladi.
Mohigul Qosimova yozib oldi, O‘zA