Toshkent shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga (MDH) a’zo mamlakatlarning qurilish sohasidagi hamkorligi bo‘yicha Hukumatlararo Kengashning 46-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Ozarbayjon davlatlarining qurilish sohasi uchun mas’ul vazirlik va idoralari rahbarlari, shuningdek, MDH Ijroiya qo‘mitasi vakillari ishtirok etdi.
Bu yilgi anjumanga O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi mezbonlik qilmoqda. Forumdan ko‘zlangan maqsad MDH davlatlari o‘rtasida barqaror qurilish siyosatini shakllantirish, ilg‘or tajribalarni o‘zaro o‘rganish, ilmiy hamkorlikni rivojlantirish va yangi texnologiyalarni joriy etish.
Forumning ochilish marosimida qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov barcha ishtirokchilarni samimiy tabriklab, tadbirning ahamiyatini ta’kidladi.
—Bugungi anjuman nafaqat MDH hududi, balki butun Markaziy Osiyo uchun muhim hamkorlik platformasidir. Biz standartlarimizni uyg‘unlashtirish, tajriba almashish va zamonaviy qurilish jarayonlarini yo‘lga qo‘yishda yangi bosqichga chiqishimizga ishonaman, — dedi vazir.
Hukumatlararo Kengash 1994 yilda tuzilgan bitim asosida faoliyat yuritadi. O‘zbekiston ushbu bitimning dastlabki imzolovchilaridan biri sifatida doimo faol ishtirok etib kelmoqda.
Forum doirasida qurilish sohasidagi normativ-huquqiy bazani uyg‘unlashtirish, seysmik xavfsizlikni ta’minlash, qurilish materiallarini ishlab chiqarish va loyihalash tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, 2020 yilda O‘zbekiston mazkur Kengashning 40-yig‘ilishiga mezbonlik qilgan edi. Shu tadbir asosida 2021 yil MDHda “Arxitektura va shaharsozlik yili” deb e’lon qilingan. O‘sha paytda O‘zbekistonda joriy etilgan “Shaffof qurilish” axborot tizimi ham keng e’tirof etilgan edi.
Bu yilgi yig‘ilishda muhokamalar yanada amaliy yo‘nalish kasb etmoqda. Xususan, qurilish standartlarini uyg‘unlashtirish, iqlim va seysmik sharoitlarga mos texnik yechimlar ishlab chiqish, kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha dasturlar ishlab chiqilishi kutilmoqda.
–O‘zbekistonda qurilish sohasini raqamlashtirish va shaffof boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yish borasida so‘nggi yillarda katta ishlar amalga oshirildi, – deydi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Davron Meliyev.
2021–2025 yillarda qurilish sohasini modernizatsiya qilish va innovatsion rivojlantirish strategiyasi doirasida “hajmli usul” joriy etilmoqda. Ushbu usul orqali qurilish loyihalarida narxlarni aniqlashtirish, davlat mablag‘laridan samarali foydalanish va investitsiya samaradorligini baholash imkoni yaratiladi. Dastlab bu usul ijtimoiy soha ob’ektlariga — maktab, bog‘cha va shifoxonalar loyihalariga tatbiq etilmoqda. Keyinchalik barcha turdagi qurilish ob’ektlariga keng joriy etilishi rejalashtirilgan.
Forumda qayd etilishicha, Shaharsozlikda raqamli boshqaruv 2024–2025 yillar bosh rejalarni raqamlashtirishga o‘tish davri sifatida belgilangan. Hozirda shahar va shaharchalarning bosh rejalari geoaxborot tizimi (GIS) asosida elektron formatga o‘tkazilmoqda. Bu fuqarolarga o‘z mulkiga oid ma’lumotlarni onlayn tarzda olish imkonini yaratadi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 22 oktyabrdagi 666-son qaroriga asosan loyihalarni kelishishning yangi elektron mexanizmi ishga tushirildi. Bu tizim inson omilini kamaytiradi, korrupsiya xavfining oldini oladi hamda loyihalarni ko‘rib chiqish muddatini qisqartiradi.
Shuningdek, forumda qurilish sohasida malakali kadrlar tayyorlash maqsadida Kompetensiyani rivojlantirish instituti faoliyati yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi. 2024 yilda 7 600 nafar, 2025 yilning 9 oyida esa 5 700 nafar mutaxassis tegishli kurslarni tamomlab, sertifikat oldi. Sertifikatlash tizimi “Shaffof qurilish” axborot tizimi bilan integratsiya qilingan bo‘lib, butun jarayon avtomatlashtirilgan.
Mamlakatdagi “Yangi Toshkent”, “Shaffof qurilish” va “Yagona bosh reja” kabi tashabbuslar O‘zbekistonni mintaqa miqyosidagi innovatsion markaz sifatida namoyon etmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Uaa98K1ceKk" title="O‘zbekiston qurilish sohasida mintaqaviy yetakchiga aylanmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shahnoza Mamaturopova, Doniyor Yakubov (video), O‘zA