Xabar berilganidek, shu kunlarda poytaxtimiz tibbiyot sohasida yirik anjumanga mezbonlik qilib turibdi. Bugun O‘zbekiston – AQSH sog‘liqni saqlash haftaligining eng asosiy tadbirlaridan biri Toshkentdagi “Trilliant Tashkent” mehmonxonasida bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro anjumanda diplomatik korpus vakillari, vazirlik xodimlari, tibbiyot markazlari, tibbiy oliy ta’lim muassasalari va hududiy tibbiyot maskanlari rahbarlari hamda AQSHdan kelgan yuzga yaqin yuqori malakali tibbiyot xodimlari ishtirok etdi.
Anjumanni O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov kirish so‘zi bilan ochib, so‘nggi yillarda O‘zbekiston – AQSH munosabatlari strategik sheriklikning yangi bosqichiga ko‘tarilayotganligini qayd etdi. Davlatimiz rahbarining 2018 yil 15-17 may kunlari Qo‘shma Shtatlarga rasmiy tashrifi o‘zaro sheriklik rivojiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Amerika hukumati mamlakatimizda ta’lim, sog‘liqni saqlash yo‘nalishidagi keng qamrovli islohotlarni qo‘llab-quvvatlab keladi.
Shu o‘rinda aytish kerak, AQSH tomonidan mamlakatimizga COVID-19ga qarshi kurash uchun COVAX dasturi doirasida yetkazib berilgan vaksinalar yurtimizda epidemiologik vaziyatni barqarorlashtirish va aholi salomatligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etdi. AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) grantlari asosida ro‘yobga chiqarilayotgan qator loyihalar tibbiyot sohasini zamon talablari darajasida rivojlantirish imkonini bermoqda.
AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari bilan birgalikda yurtimizda “Amaliy epidemiologiya bo‘yicha o‘quv dasturining bazaviy darajasi” xalqaro malaka oshirish kursi yo‘lga qo‘yilib, uning doirasida bir guruh tinglovchilar o‘qitildi. Jumladan, COVID-19ga qarshi emlash dasturi doirasida AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (CDC) mutaxassislari ko‘magida 800 nafar oilaviy shifokor, epidemiolog va pediatrlar malaka oshirdi.
Shuningdek, joriy yil may oyida Sog‘liqni saqlash vaziri A.Inoyatov boshchiligidagi delegatsiyaning AQSHga xizmat safari doirasida tibbiyot sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga doir qator muhim kelishuvlarga erishildi.
Xususan, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning Global sog‘liqni saqlash ma’muriyati mas’ullari bilan o‘tkazilgan muloqotda O‘zbekistonda tibbiyot sohasidagi hamkorlikning sarmoyaviy paketini kengaytirishga qaratilgan dasturni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik qilish belgilab olindi.
O‘zbekiston – AQSH sog‘liqni saqlash haftaligi esa ana shu hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan muhim qadamlardan biridir.
[gallery-13494]
Bugungi anjumanda mamlakatlararo sohani raqamlashtirish, tibbiy turizmni rivojlantirish, investitsiyaviy loyihalar qamrovini kengaytirish, tibbiy ta’limda qo‘shma dasturlarni amalga oshirish, xalq tabobati yo‘nalishiga doir qator masalalar muhokama etildi.
– Okean orti mamlakatidan katta bilim va tajribaga ega mutaxassislardan iborat delegatsiya mamlakatimizga birinchi bor tashrif buyurib turibdi, – dedi Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Xurshid Fozilov. – Ular yurtimizdagi shifoxonalar va ilmiy-tadqiqot markazlarida bo‘lib, murakkab amaliyotlarda ishtirok etib, mahorat darslari o‘tkazdi. Bularning barchasi yurtimizdagi tibbiyot xodimlari uchun juda katta tajriba almashish, sohaga eng zamonaviy tibbiyot uskunalarni jalb etish va murakkab amaliyotlarni mamlakatimizda muvaffaqiyatli amalga oshirish imkonini beradi. Bilamizki, AQSH tibbiyot sohasida yangi texnologiyalarni yaratish bo‘yicha dunyoda lokamativ hisoblanadi. Mazkur haftalik sohadagi eng so‘ngi ilg‘or texnologiyalar bilan tanishib, ularni yurtimizdagi shifo maskanlariga olib kelish uchun ham zamin yaratadi.
Tadbir davomida sog‘liqni saqlash sohasida ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan munosib hissasi uchun AQSHlik bir guruh mutaxassislar “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Shuningdek, anjuman doirasida AQSHlik hamkorlar bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi, respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va tibbiy oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida qator memorandum va shartnomalar imzolandi.
– Bu forum mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik eshiklarni yanada kengroq ochib beradi, – dedi AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning O‘zbekistondagi rahbari Devid Xofman. – Tadbir doirasida sog‘liqni saqlash vaziri bilan yangi anglashuv memorandumini imzoladik. Bu hujjat USAIDning Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi bilan faoliyatini davom ettirib, O‘zbekistonda xavfsiz, sifatli dori vositalari ishlab chiqarishdagi hamkorligimizni yanada kengaytiradi. Shuningdek, O‘zbekistonning global sog‘liqni saqlash xavfsizligini mustahkamlash uchun yana bir muhim hujjat imzolandi. Bularning barchasi kelgusidagi hamkorlik aloqalarimizni yanada mustahkamlashga zamin yaratadi.
O‘zbekiston – AQSH sog‘liqni saqlash haftaligi doirasida yurtimizdagi bir qator ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, xususiy tibbiyot muassasalari va tibbiyot oliy ta’lim dargohlarida amerikalik malakali mutaxassislar ishtirokida yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari va mahorat darslari o‘tkazilmoqda.
Haftalik dasturiga muvofiq okean orti mamlakatidan kelgan mehmonlarning Samarqand va Buxoro shaharlaridagi diqqatga sazovor joylarga sayohatlari ham rejalashtirilgan.
Go‘zal SATTOROVA, O‘zA muxbiri