Tibbiyot xabarlari
O‘zbekiston va AQSH Milliy salomatlik institutlari o‘rtasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda AQSH Milliy salomatlik institutlari (NIH) tarkibidagi Fogarti Xalqaro Markazi (Fogarty International Center — FIC) rahbariyati o‘rtasida onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda NIH grant dasturlari, xalqaro ilmiy tashabbuslarda ishtirok etish, shuningdek, "BioPharma City" farmatsevtika klasteri negizida ilmiy kadrlar tayyorlash va tadqiqot salohiyatini oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, NIH tarkibidagi yetakchi ilmiy muassasalar bilan onkologiya, genomika, infeksion kasalliklar, endokrinologiya va bioinformatika kabi ustuvor yo‘nalishlarda tajriba almashish va ilmiy hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ma’lumot uchun, FIC NIH tizimida xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish va tadqiqotchilar salohiyatini oshirishga qaratilgan xalqaro markaz hisoblanadi.
***
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Xitoyning tibbiy buyumlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan "Magnum Médical Service" kompaniyasi vakili bilan uchrashdi.
Uchrashuvda kompaniya faoliyati va O‘zbekiston bozorida o‘z ishtirokini kengaytirish rejalari taqdim etildi. Shuningdek, ishlab chiqarish quvvatlarini "BioPharma City" farmatsevtika klasteri hududida joylashtirish, investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari, soliq va bojxona imtiyozlari hamda investitsiya loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida hamkorlik imkoniyatlarini batafsil o‘rganish va istiqbolli investitsiya loyihasini keyingi bosqichda ishlab chiqish uchun zarur ma’lumotlarni almashishga kelishib olindi.
***
Shuningdek, Abdulla Azizov Afg‘onistonning yirik farmatsevtika distribyutorlari bilan uchrashdi. Uchrashuvda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan farmatsevtika mahsulotlari eksportini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, afg‘onistonlik distribyutorlar O‘zbekistondagi farmatsevtika korxonalarining ishlab chiqarish quvvatlari bilan tanishdi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekistonning «Remedy Group» MCHJ QK va Afg‘onistonning «Najib Muhid» LTD kompaniyalari o‘rtasida 5 million AQSH dollarlik eksport shartnomasi imzolandi.
Mazkur kelishuv ikki davlat o‘rtasida farmatsevtika mahsulotlari savdosini kengaytirish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan amaliy qadam bo‘ldi.
***
Dori vositalarini ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar vakillari ishtirokida navbatdagi onlayn muloqot tashkil etildi. Unda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi hamda Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining mas’ul xodimlari, shuningdek, mahalliy farmatsevtika ishlab chiqaruvchisi “MEDIOFARM” MCHJ vakillari ishtirok etdi.
Asosiy mavzu korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan dori vositalarini belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, shuningdek, avval davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan dori vositalariga berilgan ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomalarining amal qilish muddatini uzaytirish bilan bog‘liq masalalar bo‘ldi.
Muloqot davomida “MEDIOFARM” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilgan 27 nomdagi dori vositasi yuzasidan tegishli masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi. Jumladan, mazkur dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonining amaldagi talablari, hujjatlarni rasmiylashtirish, ekspertiza jarayonlari hamda ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomalarining amal qilish muddatini uzaytirish bilan bog‘liq jihatlar yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchi korxona vakillari tomonidan dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ekspertizadan o‘tkazish jarayonlari bilan bog‘liq qator savollar berildi. Amaldagi tartib-taomillar va talablar asosida batafsil javoblar qaytarildi.
Uchrashuv davomida mahalliy ishlab chiqarilgan dori vositalarini ekspertizadan o‘tkazish jarayonida aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Ishlab chiqaruvchi korxona vakillariga aniqlangan kamchiliklarni belgilangan tartibda bartaraf etish, zarur hujjat va ma’lumotlarni talablar asosida taqdim etish yuzasidan tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA