O‘zbekiston antidoping kodeksiga qonunchiligini moslashtirgan dunyodagi yagona davlat sifatida e’tirof etildi
Xitoyning Pekin shahrida Jahon antidoping agentligi (WADA)tomonidan o‘tkazilayotgan Osiyo va Okeaniya mintaqasida sportda dopingga qarshi kurashish bo‘yicha XXI hukumatlararo vazirlar yig‘ilishi va Osiyo mintaqaviy simpoziumida O‘zbekiston Jahon antidoping kodeksi–2027 talablariga milliy qonunchiligini to‘liq moslashtirgan dunyodagi birinchi va hozircha yagona davlat sifatida qayd etildi.
Mazkur tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov mamlakatimizning antidoping sohasidagi islohotlari haqida taqdimot o‘tkazib, yurtimizda antidoping siyosatini takomillashtirish, xalqaro standartlarni joriy etish hamda sportda halollik tamoyillarini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

WADA prezidenti Vitold Banka O‘zbekiston tomonidan 2026-yil yanvar oyida o‘tkazilgan tadbirlarni alohida e’tirof etib, mamlakatimizning antidoping tizimini takomillashtirish borasidagi sa’y-harakatlariga yuqori baho berdi.

Muhokamalar jarayonida xalqaro ekspertlar O‘zbekistonning joriy yil fevral-mart oylaridagi muvofiqlik baholash tizimidan muvaffaqiyatli o‘tganini ta’kidladi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA