Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida o‘tkazilgan sportda antidoping sohasiga oid 20-Osiyo/Okeaniya mintaqaviy hukumatlararo vazirlar uchrashuvida WADA tomonidan kodeksga rioya etilishini monitoring qilishdagi global nazorat mexanizmlari va boshqa dolzarb antidoping masalalari xususida so‘z bordi.
Muhokamalar davomida Osiyo mintaqaviy antidoping agentligi va WADA o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolash va uni samarali amalga oshirish mexanizmlari, 2027 yilda yangilanishi kutilayotgan WADA kodeksining asosiy yo‘nalishlari va uni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston milliy antidoping agentligi direktori A.Sodiqov boshchiligidagi mamlakatimiz mutaxassislari mintaqada sog‘lom va halol sportni targ‘ib qilish, antidoping siyosatini kuchaytirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda sportchilarning huquqlarini himoya qilishda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, sportchilar, milliy terma jamoalar bilan o‘tkazilgan seminarlar borasida xalqaro ekspertlarga so‘zlab berdi.


20-Osiyo/Okeaniya mintaqaviy hukumatlararo vazirlar uchrashuvida ishtirok etgan xalqaro tashkilotlarning vakillari, mutaxassislar O‘zbekistonning xalqaro maydondagi faol ishtiroki orqali mamlakatda antidoping tizimini takomillashtirish, xalqaro tajribalarni o‘rganish hamda WADA va boshqa mintaqaviy agentliklar bilan yaqin hamkorligi borasidagi ijobiy natijalarni yuksak baholadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA