Joriy yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra, maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 33 942 taga, shundan 3-7 yoshli bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 74 foizga, 6 yoshli bolalarning maktabga tayyorlov qamrovi 93 foizga yetkazilgan. Davlat-xususiy sherikchilik asosida 7 ming 100 o‘rinli 71 ta, oilaviy shaklda 116 ming 998 o‘rinli 4 ming 402 ta nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etilgan.
AOKA da Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mutasaddilari ishtirokidagi matbuot anjumanida taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, “MELQO” baholash tizimi asosida respublikaning 100 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tanlab olinib, baholash o‘tkazilgan. 6 ming 598 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda 92 ta pedagogika kollejiga 36 nomdagi o‘quv-metodik adabiyot va didaktik materiallar yetkazib berilgan.
Qayd etilishicha, bugunga qadar, respublikadagi barcha (100 foiz) davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanuvchilar uchun yagona mavsumiy taomnoma joriy etildi. Maktablar soni 10 ming 163 taga, o‘quvchilar soni 6 476 ming 91 nafarga yetdi. 37 ta maktab filialiga umumiy o‘rta ta’lim maktabi maqomi berildi. Maktablarning 1 sinfiga 689 ming 726 nafar bola qabul qilindi. 974 ming 778 nafar bitiruvchiga (9 va 11 sinf) elektron shahodatnoma berildi, 11 sinf bitiruvchilarining 11 ming 879 nafari oltin medal va 2 ming 50 nafari kumush medal bilan taqdirlandi.
Shuningdek, o‘tgan yil davomida maktab bitiruvchilarning OTM ga kirishdagi o‘rtacha bali 77,1 ballga yetkazilgan. 500 ta maktabda Prezident maktablarining baholash tizimi, 135 ta maktabda tanlov fanlari joriy etildi. “Qizil” toifaga kiritilgan maktablar soni 1 ming 526 tadan 404 taga kamaydi.
Nodavlat umumta’lim tashkilotlari soni 449 taga yetkazildi. 5 ta eng nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida jami 13 ta medal, boshqa xalqaro olimpiadalarda 52 ta medal qo‘lga kiritildi.
O‘zbekiston 2026-yilda eng nufuzli Xalqaro kimyo va Xalqaro informatika olimpiadalariga mezbonlik qilish huquqini qo‘lga kiritdi. Maktablarga 500 nafar xorijlik mutaxassis jalb etildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA