«Jonajon o‘zbek tilim» — milliy g‘urur va ma’naviyat timsoli
O‘zbek tilining nufuzini yuksaltirish, davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish va uning taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan tashabbuskorlarni rag‘batlantirishga oid «Jonajon o‘zbek tilim» tanlovining taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizdagi Adiblar xiyoboni hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va tuman (shahar) hokimliklarining ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchilari ishtirokida seminar hamda tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi tashkil etildi.
Tadbirda jamoatchilik vakillari, olimlar, tilshunos mutaxassislar va davlat tilini rivojlantirish yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan mas’ullar ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilari dastlab Adiblar xiyobonida buyuk mutafakkir va so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qo‘yib, ulug‘ shoir xotirasiga ehtirom ko‘rsatdi. Zero, Navoiy merosi o‘zbek tilining badiiy imkoniyatlari, jozibasi va beqiyos boyligini namoyon etuvchi buyuk ma’naviy xazinadir.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida seminar o‘z ishini boshladi. Unda davlat tilini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammo va kamchiliklar, shuningdek, kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Seminarni Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori Inomjon Azimov olib bordi. Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari Nodirjon Xolbo‘tayev o‘z ma’ruzasida davlat tiliga oid ustuvor vazifalar, mas’ul maslahatchilar oldida turgan dolzarb masalalar va ularning yechimlari haqida so‘z yuritdi.
Ma’ruza davomida davlat tilini joriy etish samaradorligini oshirish, ish yuritishda o‘zbek tili me’yorlariga rioya qilish, mas’ul xodimlar faoliyatini takomillashtirish hamda amaliy natijadorlikni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti professori, filologiya fanlari doktori Nizomiddin Mahmudovning «Til — millat ruhi» mavzusidagi ma’ruzasi seminarning mazmun-mohiyatini yanada boyitdi. Unda ona tilining milliy o‘zlikni anglash, ma’naviy qadriyatlarni asrab-avaylash va jamiyat taraqqiyotidagi beqiyos o‘rni haqida fikr yuritildi.
Davlat tilini o‘qitish va uning amaliy qo‘llanishini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan muhokamalarda Inomjon Azimov «Davlat tilini o‘qitish: sifat va samaradorlik» mavzusida ma’ruza qildi. Unda til o‘rgatish jarayonida sifatni oshirish, zamonaviy yondashuvlarni joriy etish va malaka oshirish tizimining ahamiyati yoritildi.

Tadbir doirasida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan nashr etilgan «O‘zbek tili omonimlari lug‘ati» kitobining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek tilshunosligi kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Zulxumor Xolmonova lug‘atning ilmiy va amaliy ahamiyati haqida ma’lumot berdi.
Mazkur nashr o‘zbek tilining leksik boyligini o‘rganish, bir xil shaklga ega bo‘lgan, ammo turli ma’nolarni anglatuvchi so‘zlarning xususiyatlarini ochib berish hamda til imkoniyatlarini keng targ‘ib etishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.

Tadbirning eng muhim va kutilgan lahzalari «Jonajon o‘zbek tilim» tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimida namoyon bo‘ldi. Tanlov davlat tilining jamiyat hayotidagi o‘rnini mustahkamlash, ona tilimizga bo‘lgan mehr va hurmatni oshirish, uni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etildi.
Marosim davomida tanlovning g‘olib va sovrindorlariga diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. Bu e’tirof davlat tilini asrab-avaylash, uning imkoniyatlarini keng namoyon etish va o‘zbek tili ravnaqi yo‘lida faoliyat yuritayotgan tashabbuskorlarni qo‘llab-quvvatlashning muhim ifodasi bo‘ldi.

Ona tili — millatning tarixi, ma’naviyati, tafakkuri va milliy o‘zligini o‘zida mujassam etgan bebaho boylik. Uni e’zozlash, adabiy me’yorlariga amal qilish va kelajak avlodlarga boy meros sifatida yetkazish har bir yurtdoshimizning ma’naviy burchidir.
«Jonajon o‘zbek tilim» tanlovi va uning doirasida o‘tkazilgan seminar davlat tilini rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, mavjud muammolarni muhokama qilish hamda o‘zbek tilining nufuzini yanada yuksaltirishga qaratilgan muhim ma’rifiy tadbir bo‘ldi.
Zero, ona tiliga bo‘lgan muhabbat Vatanga bo‘lgan muhabbatning ajralmas qismidir. O‘zbek tilining qadrini ulug‘lash, uning boy imkoniyatlaridan samarali foydalanish va jahon miqyosidagi nufuzini oshirish yo‘lidagi har bir tashabbus milliy ma’naviyatimiz va kelajagimizga qo‘shilgan munosib hissa.
N.Usmonova,
O‘zA