O‘zbek jang san’ati: Mamlakat kubogi qaysi jamoalarga nasib etdi?
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti majmuasida o‘zbek jang san’ati bo‘yicha mamlakat kubogi musobaqalarining g‘olib va sovrindorlari aniqlandi.
Dastlabki kungi musobaqalarda 500 nafardan ziyod yosh sportchilar o‘z yo‘nalishidagi bahslarda qatnashgan bo‘lsa, keyingi kuni yoshlar, o‘smirlar va kattalar o‘rtasida kechgan musobaqada barcha hududlardan kelgan 800 nafarga yaqin sportchilar o‘zaro kuch sinashdi.

Musobaqada sportchilar nafaqat jismoniy tayyorgarligi, balki tezkor fikrlashi, jasorati va milliy jang usullarini puxta egallaganini namoyon etishdi.
Aytish lozimki, o‘zbek jang san’ati shunchaki yakka kurash turi emas, xalqimizning boy tarixi va ajdodlarimizdan meros jang usullarini o‘zida mujassam etgan sport turi hisoblanadi.
Ota-bobolarimizdan avlodlarga o‘tib kelgan ushbu noyob meros bugun jismoniy tarbiya va sport talablari asosida yanada takomillashib, zamonaviy sport turi sifatida xalqaro maydonda rivojlanmoqda.

O‘zbekiston kubogining bu galgi bellashuvlari mazkur milliy sport turi yurtimizda tobora ommalashib, yangi iqtidorlar va kuchli sportchilar safini kengayib borayotganini ko‘rsatdi.

Yosh sportchilarga, ularning ota-onalariga chinakam sport bayramini tuhfa etgan ikki kunlik bahslar yakunida umumjamoa hisobida Toshkent, Namangan, Samarqand viloyati jamoalari yoshlar o‘rtasida sovrinli o‘rinlarga ega chiqdi. O‘smirlar o‘rtasida Buxoro, Farg‘ona viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi jamoalari yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.

Kattalar ishtirokidagi musobaqalar yakunida O‘zbekiston kubogi Andijon viloyati jamoasiga nasib etdi. Keyingi pog‘onalardan Toshkent shahri va Xorazm viloyati jamoalari joy egalladi.
Musobaqaning g‘olib va sovrindorlariga medal, diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA